Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aziz Vatanimning ardoqli, oqila ayol-qizlari
09:53 / 2026-03-07

Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.

Tantanali tadbirga turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlarida samarali mehnat qilayotgan opa-singillarimiz, mamlakatimizdagi diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining xodimlari, faxriy ayollar, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari ishtirok etdi. 

Tantanali tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xotin-qizlariga bayram tabrigi videotranslyatsiya orqali taqdim etildi. 

Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangicha tizimi, amaliy, ishchan ruhdagi, samarali mexanizmiga asos solindi. 

Ayol-qizlarning muammolarini aniqlash, ularga o‘z vaqtida yechim topish, kamchiliklarni tegishli tashkilot va tuzilmalar bilan hamjihatlikda o‘rganish, tahlil etish, ularga barham berish borasida yangi tashabbuslar hayotga faol joriy etilmoqda. 

Ayni paytda mamlakatimizdagi milliy qonunchilik tizimi tezkor va global davr talabiga monand tarzda takomillashtirilmoqda. Ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlar amaliyotga keng qo‘llanmoqda. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Ayollar daftari” oilalar farovonligini ta’minlash, ehtiyojmand, himoya va ko‘makka muhtoj ayollarga tayanch bo‘lishda, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashda yangi istiqbollarni ochmoqda. 

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida ayol-qizlarning manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan amaliy tadbirlar, loyihalar qamrovi kengaygani e’tiborga molik. 

[gallery-28034]

Mamlakatimizda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami o‘zgacha shukuh va ko‘tarinkilik bilan nishonlanmoqda. Prezidentimizning “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni, “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qarori bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishlamoqda. 

– Biz baxtli yurtning baxtiyor qizlarimiz, – dedi «Yangi O‘zbekiston» universitetining 2-bosqich talabasi Sevinch Mavlonova. – Yurtimizda iqtidorli qizlarning ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu esa yanada ko‘proq o‘qib, izlanish, bilimlarimizni Vatan ravnaqi yo‘lida sarflashga undaydi. 

– Bugungi kunda milliy san’at rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda, – dedi Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi «Bahor» davlat raqs ansambli balet artisti Xushnoza Ergashova. – Prezidentimiz tashabbusi bilan “Bahor” raqs ansambli qayta tiklandi. Ijodiy jamoaning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berildi. San’at ahliga qaratilayotgan e’tibor bizlarni yanada ruhlantiradi. 

Tantanali tadbirda ona-Vatanimiz, jonajon O‘zbekistonimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarini, munis onalar, umuman, ayol-qizlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz e’tibor va g‘amxo‘rlikni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. 

[gallery-28035]

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi. 

Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA muxbirlari