Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aziz Abduhakimov: "Bo‘stonliqda o‘qituvchi, hamshira yoki tibbiyot xodimi ham oilasi bilan dam oladigan narxdagi maskanlar tashkil qilinadi"
20:26 / 2022-02-02

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining tabiiy salohiyatini saqlash, ekokarkas va jamoat joylarining barqaror tizimini yaratish, ekologik toza transportni rivojlantirish maqsadida «Chorvoq darvozasi» va «Yusufxona» turistik zonalari tashkil etish kabi ikkita yirik loyiha amalga oshiriladi. Belgilangan hududlarni loyihalashtirish va arxitektura yechimlari Rossiyaning Loyiha-konsultatsiya konsorsiumi («Novaya Zemlya») hamda «ARC» arxitektura byurosi zimmasiga yuklatilgan.

Poytaxtimizda Turizm va sport vazirligi mutasaddilar ishtirokida Bo‘stonliq tumanini kompleks rivojlantirish loyihasi taqdimotiga bag‘ishlab tashkil etilgan matbuot anjumanida turistik, tabiiy va rekreatsion salohiyatni o‘zida jamlagan mazkur tumanni kompleks rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, «Chorvoq darvozasi» va «Yusufxona» turistik zonalari tashkil etish kabi loyihalarining master reja asosida ishlab chiqilgani kelgusida tadbirkorlarning yeri "snos"larga tushib qolmasligining oldini oladi. Loyihalarning asosiy yutug‘i barcha injener-kommunikatsiya tarmoqlari oldindan hisob-kitob qilingan va tegishli tartibda qoidalar ishlab chiqilgan. Loyihalarda an’anaviy tog‘ qishloqlarining arxitekturasi zamonaviy talab bilan moslashtirilib, yangi arxitektura landshafti ham yaratilgan.

– «Chorvoq darvozasi» loyihasi hududi uchun arxitektura yechimlarini yaratishda birinchi navbatda, mintaqamizning an’anaviy tog‘ me’morchiligi, ya’ni tabiatga va tog‘li hududning tabiiy relefiga bo‘lgan hurmat, somon suvoq, yog‘och, tosh kabi tabiiy materiallardan foydalangan holda pardoz berish kabi madaniy-tarixiy elementlarni aks ettirish maqsad qilingan, – deydi loyihaning me’moriy yechimlari muallifi va «ARS» arxitektura byurosi rahbari Bobir Klichev. – Asosiy g‘oya – zich binolar bilan o‘ralgan, kam qavatli va ayvoni bo‘lgan an’anaviy tog‘ qishlog‘i qiyofasini qayta tiklashdir.

Tadbirda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, loyihalarni amalga oshirishda ekoturizm, tabiiy va rekreatsion hududlarni barqaror rivojlantirish sohasidagi xalqaro tajriba batafsil o‘rganib chiqilgan.Shuningdek, jamoat joylari tizimini yaratishda Tatariston Respublikasi tajribasi qo‘llanilgan.

«Chorvoq» TRZ direksiyasi tomonidan Bo‘stonliq tumani hududida chiqindilarni barqaror boshqarish va ekologik madaniyatni oshirish tizimini joriy etish dasturi ishlab chiqilgan. Shunday qilib, jismoniy va yuridik shaxslarning qattiq maishiy chiqindilarni, jumladan, yetib borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlardan olib chiqish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish qamrovini oshirish ko‘zda tutilgan.

Hududda ekologik madaniyatni oshirish hamda qulay va hamyonbop dam olish sharoitlarini yaratish maqsadida jamoat piknik zonalarini tashkil etish ham rejalashtirilgan. Bunday zonalarning dastlabki varianti shu yil bahor mavsumida ochilishi kutilmoqda.

Shuningdek, mutaxassislar ishtirok etgan tadbirda Chimyon tog‘ tizmasida 269 million dollarlik investitsiya asosida fransuzlar bilan hamkorlikda qurilayotgan tog‘ kurortining ham taqdimoti o‘tkazildi.

– Chimyon tog‘ kurorti loyihasi qurilishini yaqin muddatda boshlash arafasidamiz, – deydi, Turizm va sport vaziri, Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov. – Ushbu hududda biz oddiy o‘qituvchi, hamshira yoki tibbiyot xodimi ham bemalol kelib, oilasi bilan dam olib ketadigan narxlardagi maskan qilamiz. Ya’ni 4-5 yulduzli mehmonxona va hostellar emas, aholimizga hamyonbop xizmatlarni ko‘rsatish, joylashtirish vositalari qurilishini rejalashtirganmiz.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, loyihalar 5-10 yil ichida butunlay qurib bitkaziladi. Xususan, 2023 yilning mart oylarida ularning dastlabki qismi foydalanishga topshiriladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA