O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida hali to‘liq o‘rganilmagan, ammo badiiy va tarixiy ahamiyati jihatidan yuksak bo‘lgan asarlar talaygina.
Shunday noyob manbalardan biri iste’dodli shoir Azimiy qalamiga mansub “Murod-ul-oshiqin” devonidir. Temuriylar tarixi davlat muzeyining katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sarvinoz Azizxonova tomonidan tayyorlangan “Azimiyning “Murod-ul-oshiqin” devoni (o‘zbekcha she’rlar)” nomli monografiya taqdim etildi.
Azimiy o‘zbek mumtoz adabiyotida o‘ziga xos badiiy tafakkur va mahorati bilan ajralib turuvchi shoirlardan biri. Uning ijodida tasavvufiy ruh, ishqiy-falsafiy qarashlar, inson qalbining nozik kechinmalari yuksak badiiy ifodasini topgan. “Murod-ul-oshiqin” devoni shoir dunyoqarashi va mumtoz she’riyat an’analari bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, mazmun va shakl jihatidan boy manba sanaladi.
Biroq mazkur devon uzoq vaqt davomida qo‘lyozma holida saqlanib, ilmiy jihatdan mukammal o‘rganilmagan edi. Turli nusxalar o‘rtasidagi tafovutlar, matndagi kamchilik va xatoliklar Azimiy merosini to‘laqonli tadqiq etishga jiddiy to‘sqinlik qilgan.
Sarvinoz Azizxonova tomonidan tayyorlangan monografiyaning asosiy yutug‘i shundaki, unda Azimiyning o‘zbekcha she’rlari ilk bor ishonchli qo‘lyozma manbalari asosida qiyosiy-tanqidiy usulda tahlil qilinib, ilmiy-tanqidiy matn shaklida tiklandi. Muallif bir nechta qo‘lyozma nusxalarni solishtirish, ularning farqli jihatlarini aniqlash va eng ishonchlisini tanlash orqali matnshunoslikning zamonaviy talablariga javob beradigan ilmiy nashr yaratdi.
Bu jarayonda nafaqat matn aniqligi, balki she’rlarning badiiy yaxlitligi, vazn va qofiya tizimi, mumtoz poetik me’yorlarga muvofiqligi ham e’tibordan chetda qolmagan. Natijada “Murod-ul-oshiqin” devoni Azimiy ijodini asl holatiga yaqin tarzda anglash imkonini beruvchi ishonchli manbaga aylandi.
Monografiyaning yana bir muhim jihati devonning arab yozuvidagi asl nusxasi ilova qilinganidir. Bu tadqiqotchilar, matnshunoslar va mumtoz adabiyot bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun katta ilmiy ahamiyatga ega. Asl matnning berilishi she’rlarni qayta o‘rganish, yangi talqinlarni ilgari surish va kelgusidagi tadqiqotlar uchun mustahkam manba vazifasini bajaradi.
“Murod-ul-oshiqin” devonining ilmiy-tanqidiy nashri o‘zbek mumtoz adabiyotini chuqurroq anglash, kam o‘rganilgan shoirlar ijodini ilmiy muomalaga kiritish yo‘lida muhim qadamdir. Ushbu monografiya orqali Azimiy ijodi yangi ilmiy nigoh bilan qayta baholanib, uning adabiyotimiz tarixidagi o‘rni yanada aniqroq belgilandi.
Nashr talabalar, adabiyotshunoslar, matnshunoslar, tarixchilar hamda kitobxonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, qadimiy adabiy merosimizdan bahramand bo‘lish imkonini beradi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA