French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Azim shahar tobora chiroy ochib, gullab-yashnamoqda
11:06 / 2024-10-18

18 oktyabr – Samarqand shahri kuni

Shu yilning avgust oyida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida qatnashish uchun Samarqandga kelgan ozarbayjonlik san’atkorlardan biri 2017 yilda o‘n birinchi festivalda ishtirok etgani va o‘tgan yetti yil davomida shahar tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib, yana ham ko‘rkamlashganini hayrat bilan aytgandi. Faqat u emas, avvallari Samarqandda bo‘lgan boshqa mehmonlardan ham qadimiy kentdagi bunyodkorlik ishlari, o‘zgarishlar e’tirofini eshitgandik.

Bir necha yildan buyon Germaniyada yashayotgan do‘stimiz esa yaqinda Samarqandga kelib, Qorasuvda zamonaviy shaharcha, eshkak eshish kanali atrofida xalqaro turistik markaz yaratilgani, yangi yo‘llar, ko‘priklar qurilganini ko‘rib, shaharni taniy olmaganini aytganda kulib qo‘ygandik.

O‘ylab ko‘rsak, chindan ham keyingi yillarda yurtimizda, jumladan, Samarqandda kechayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlarining ko‘lami shunchalik kengayib boryaptiki, bir muddat ko‘rmagan joyimiz qisqa vaqt ichida o‘zgarib, yangicha ko‘rinishga kirmoqda.

Ayniqsa, Samarqand eshkak eshish kanali atrofida butunlay yangi maskan – Xalqaro turizm markazi bunyod etilgani, Qorasuv massivida yuz ming aholi yashaydigan yangi shaharcha paydo bo‘lgani, Samarqand xalqaro aeroporti rekonstruksiya qilingani, yo‘llar, ko‘priklar qurilgani va bu ishlar davom etayotgani bunyodkorlik ishlari shiddati va ko‘lami kengligidan dalolat beradi.

– Shu paytgacha Samarqand shahri infratuzilmasi haqida gap ketsa, avvalo, yo‘llarning nosozligidan nolirdik, – deydi Samarqand davlat universiteti professori Suyun Karimov. – Shaharning eski shahar qismidagi mahallalarda ham, yangi turar joy massivlarida ham shu muammo aholini qiynardi. Keyingi yillarda esa asfalt bo‘lmagan ko‘cha, kengaytirilmagan, obod etilmagan yo‘l qolmadi, desak mubolag‘a emas. Beruniy, Rudakiy, Bo‘stonsaroy, Ibn Sino, Shohi Zinda, Sadriddin Ayniy, Registon, O‘zbekiston, Firdavsiy ko‘chalari keyingi to‘rt-besh yil ichida kengaytirilib, atrofi obod qilindi. Shahar markazidan Xalqaro turizm markazigacha bo‘lgan masofada yangi yo‘l – Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasi qurilgani ham aholi va mehmonlar uchun juda qulay bo‘ldi. Bu yil esa bunday keng ko‘lamli ishlar Amir Temur, Gagarin, Buyuk ipay yo‘li ko‘chalarida amalga oshirilmoqda. Yo‘llarning obodligi odamlar kayfiyatiga ijobiy ta’sir qiladi. Ko‘zlagan manziliga ravon yo‘ldan tez va oson yetib olish inson mehnat samaradorligini ham oshiradi. Buning iqtisodiy samarasi haqidaku gapirmasak ham bo‘ladi.

Samarqand shahar hokimligining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilgi investitsiya dasturi asosida shaharda umumiy qiymati 268 milliard 840 million so‘mlik qurilish va rekonstruksiya ishlarining amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 

– Bu mablag‘ning salmoqli qismi sog‘liqni saqlash ob’ektlari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablar, sport, madaniyat va san’at maskanlari qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga sarflanadi, – deydi Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov. – Jumladan, ayni paytda shaharning yangi aholi maskani hisoblangan Qorasuv massivida tug‘ruqxona va 1860 o‘rinli maktab qurilmoqda. Bundan tashqari, o‘ndan ortiq maktab va bog‘cha, tibbiyot muassasalari rekonstruksiya qilindi. Aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida bu yil 5973 xonadonli 63 ta ko‘p qavatli uy-joy bunyod etilmoqda. Ularning aksariyatida qurilish ishlari yakunlaniga yetmoqda. 

Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasining 300 million dollarlik kredit mablag‘i hisobidan Amir Temur va Gagarin ko‘chalarida 10 kilometrdan ortiq yo‘l rekonstruksiya qilinib, kengaytirildi, piyodalar yo‘laklari qurildi. Gagarin va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasida umumiy uzunligi 440 metr, inshoot uzunligi 44 metr bo‘lgan tunnel qurildi. Ayni paytda Gagarin va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida yana bir shunday tunnel qurilishi davom etmoqda.

Ushbu mablag‘ hisobidan, shuningdek, shahardagi 15,8 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari yangilanmoqda, Cho‘pon ota va Dahbet suv inshooti hamda 6 ta nasos stansiyasi rekonstruksiya qilinyapti. Davlat dasturlari doirasida bu yil yana 105 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari yangilandi.

Dasturlardan tashqari, shahar hududida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 60 dan ortiq savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish markazlari, 43 ta mehmonxona, 11 ta xususiy tibbiyot markazi, 7 ta sport majmuasi, 5 ta bir va ko‘p qavatli avtoturargoh va yana o‘nlab avtomobillarni zaryadlash shoxobchalari qurilishi davom etmoqda va ular ham yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi.

Aholiga jamoat transporti xizmati ko‘rsatishni yaxshilash, avtomobillar tirbandligining oldini olish maqsadida shaharga kirish joylarida zamonaviy boshbekatlar qurilmoqda. Xususan, Cho‘ponota tepaligi hududida, M-37 avtomobil yo‘li bo‘yida qurilayotgan xalqaro avtovokzaldan shahar va tumanlar bilan birga respublikamizning boshqa hududlari hamda qo‘shni davlatlarga avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.  Bu yerda kuniga 15 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilmoqda.

O‘tgan yil Samarqandga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki krediti asosida 6 ta elektrobus keltirilib, shahar yo‘nalishlarida aholiga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan edi. Yil yakuniga qadar elektrobuslar sonini 100 taga yetkazish rejalashtirilgan. Shu maqsadda ayni paytda elektrobus saroyi qurish va ularni quvvatlantirish qurilmalarini o‘rnatish ishlari davom etmoqda. 

Keyingi yillarda shaharning Kimyogarlar, Farhod, So‘lim qo‘rg‘onlari, Sartepa va Sug‘diyona massivlarida olib borilgan qurilish-obodonlashtirish ishlari natijasida bu maskanlar ham yanada obod bo‘ldi. Yangi madaniyat va aholi dam olish maskanlari, sport inshootlari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurildi. Yo‘llar obod qilinib, ko‘p qavatli uy-joylar ta’mirlandi, bolalar maydonchalari tashkil etildi.

Shahar hududidan o‘tgan Obi Rahmat, Siyob, Chashma ariqlarini tozalash va ular atrofini obod qilish borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan olib borilayotgan obodonlashtirish ishlarida mahalliy aholi, tadbirkorlar faol ishtirok etmoqda.

– Bolaligimiz Obi Rahmat, Siyob ariqlari atrofida o‘tgan, – deydi Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati O‘ktam Saidmurodov. – Shu yerda o‘ynab, katta bo‘lganmiz. Ariqlar bo‘yida tegirmonlar bo‘lardi, odamlar shu suvdan ichardi. Ammo keyinchalik aholi ko‘payib, atrofda uy-joylar qurilgach, odamlarda suvga munosabat ham o‘zgardi. Ariqlarga chiqindi, oqova tashlay boshlashdi, ko‘pchilik suvning uvolidan qo‘rqmay qo‘ydi. Ayrim kishilar ariqlar atrofini ham o‘z hovlisiga qo‘shib oldi, ariq bo‘yidagi yo‘llar yo‘qolib ketdi. O‘tgan yili viloyat hokimligi xayrli tashabbus boshlab, tadbirkorlar ko‘magi bilan ariqlar va ular atrofini obod qilishga kirishdi. 18 kilometrlik Siyob arig‘i tozalanib, ikki tomonidagi yo‘l ochildi, piyodalar va velosiped yo‘laklari tashkil etildi. Noqonuniy qurilishlar olib tashlandi. Bu xayrli ishga mahallalar aholisi ham qo‘shildi, hasharga chiqdi. Bugunga kelib ariq atrofi odamlar sayr qiladigan ko‘rkam maskan bo‘ldi. Ariq atrofida joylashgan mahallalar ahli bu yil Navro‘z bayramini ushbu hududda xuddi avvalidek sayl tarzida nishonladik. Obodlikdan ko‘ngillar ham shod bo‘ldi.

[gallery-19799]

Umuman, bugun azim kentning barcha mahallalari, ko‘cha va xiyobonlari uning tarixiy ulug‘ligiga mos ko‘rinishga ega bo‘lib bormoqdaki, bu samarqandliklarga faxr va g‘urur bag‘ishlash bilan birga ularning qalbida shu muqaddas shaharga munosib bo‘lish tuyg‘usini ham mustahkamlamoqda.

G‘olib Hasanov, 

Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari