Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Azim Samarqandning aziz farzandi
09:04 / 2022-05-19

Yer yuzining sayqali bo‘lgan Samarqand ming-ming yillik tarixga ega firdavsmakon maskandir. Unda dunyoni zabt etgan sohibqironu podshohlar, ilmu ma’rifat beshigini tebratgan olimu fozillar, donishmandlar yetishib chiqqan, istiqomat qilgan. Samarqandning ana shunday aziz farzandlaridan sarasi taniqli adabiyotshunos olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik Boturxon Valixo‘jayev (1932-2005) bugun hayot bo‘lganida 90 yoshni qarshilagan bo‘lar edi.

Boturxon Valixo‘jayev haqida so‘z borganda, avvalo, teran tafakkur sohibi, olimu fozillar botiri, bag‘rikeng, pokdillik, halollik, kamtarlik ramzi bo‘lgan komil inson ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Ustozning suhbatidan bir marotaba bahramand bo‘lgan inson, ularning fazilatlaridan, ohanrabosi siridan uzoq yillar oziqlanib, ta’sirlanib yuradi.

Boturxon Valixo‘jayevning qariyib 50 yillik ilmiy va murabbiylik faoliyati Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti bilan chambarchas bog‘liq. Ustoz bu davrda o‘zbek adabiyoti tarixi, xususan, temuriylar davri adabiyoti hamda  navoiyshunoslikning dolzarb masalalari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bordi. Navoiy ijodi sirlarini keng qamrovda o‘rgandi, o‘z navbatida Navoiy navosidan bahra oldi. Shuning natijasi bo‘lsa ajabmaski, ustoz qiyofasida navoiyyona lutf, nazokat, fasohat, fikrat balqib turardi. Ustozning ilmu amali, olijanob fazilatlari, kasbga sadoqati, madaniyati shu qadar teran va bisyor ediki, biz shogirdlar hali hanuz ulardan bahra olamiz, o‘rganamiz.

Ma’lumki, akademik Boturxon Valixo‘jayev 1985 yildan to umrining oxirigacha Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti o‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasiga mudirlik qilib, ustozlari asos solgan Samarqand adabiyotshunoslik maktabi an’analarini munosib ravishda davom ettirib keldi. Ustoz har jihatdan hamkasblari, shogirdlari, atrofidagi barcha-barchaga nisbatan mehribon, samimiy, bag‘rikeng edi. Shuningdek, o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondashar, kafedra a’zolari va shogirdlarining ham shunday bo‘lishini  istardi. Shu o‘rinda bir voqeani xotirlasak. Ustoz kafedra yig‘ilishlarining birida kun tartibiga qo‘yilgan masala – darslarning o‘tilishi va sifati haqida gapirar ekan, o‘z ustozi akademik V.Abdullayev bilan bog‘liq bir ibratomuz voqeani yodga olgan edi. 

 – Bir kun akademik V.Abdullayev ma’ruzaga tayyorgarlik ko‘rish uchun shoshilayotganliklarini aytdilar. Qarangki, akademik ustoz bir necha yillardan beri o‘tib kelayotgan fanning har bir ma’ruzasiga alohida tayyorgarlik ko‘rish uchun 2-3 soat vaqt ajratar edi. Shunda men har bir professor-o‘qituvchi mas’uliyat bilan darsga yondashmoqligi lozimligini, bu esa ta’lim sifatini oshirishi tabiiyligini yana bir bor fahmladim.

Boturxon Valixo‘jayevning ushbu so‘zlari nihoyat darajada samimiy va beg‘araz aytilgan ediki, yig‘ilishning barcha a’zosi asosiy maqsadni anglab yetgan, qissadan hissa chiqarishga ulgurgan, ustozning mahoratiga tahsinlar aytgan edi. Shuning uchun bo‘lsa kerakki, hali-hanuz bu voqea kafedra yig‘ilishlarida xotirlanadi.

Boturxon Valixo‘jayev butun umrini ilmu ziyoga bag‘ishlagan, nafaqat o‘zbek balki fors-tojik adabiyotining dolzarb muammolari bo‘yicha keng qamrovli tadqiqot olib borgan zukko, nuktadon olimdir. Uning tinimsiz ilmiy izlanishlari natijasida o‘ttizdan ortiq risola va monografiyalar, besh yuzga yaqin ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar yuzaga kelgan.

Muhimi shundaki, olim adabiyotshunoslik olamiga kirib kelgan paytdayoq uch tilda: o‘zbek, tojik va rus tillarida bir xil darajada ilmiy tadqiqot olib bordi. Ustozning “O‘zbek epik she’riyati tarixidan” (1974), “Miriy va uning zamondoshlari” (1977), “Navoiy ijodi – ilhom manbai” (1981), “Ezgulik – umr mazmuni” (1992), “O‘zbek adabiyotshunosligi tarixi” (1993), “Xoja Ahrori Vali” (1993), “Rashhai qalam” (1993), “Xoja Ahror tarixi” (1994), “Xoja Ahrori Vali” (Tehron, 1997), “Malik ul kalom Mavlono Lutfiy” (1999), “Sulton Husayn Boyqaro – Husayniy she’riyati” (2000), “Alisher Navoiy she’riyati” (2001), “Mirzo Ulug‘bek davri madrasalari” (2001), “Ulug‘bek Mirzo davri madrasalari” (Istambul, 2003), “Samarqandda oliy ta’lim madrasai oliya. Universitet tarixidan lavhalar” (2001), “Mumtoz siymolar” (Saylanma, 2 tom, 2002), “Buyuk ma’naviy murshid” (2004) kabi qimmatli kitoblari adabiyotshunoslikka qo‘shilgan munosib hissasidir.

Boturxon Valixo‘jayevning yirik monografiya va risolalari Eron, Turkiya, Afg‘oniston, Chexiya, Italiya, AQSH nashrlarida chop etilganki, ulardagi chuqur ilmiy fikrlar, xulosalar keng o‘quvchilar nazariga tushgan.

Ustoz keyingi yillarda mamlakatimiz va umuman sharq xalqlari ta’lim tizimining tarixi bilan jiddiy shug‘ullanib IX asrdan boshlangan madrasa va madrasai oliyalarga doir bir qator yirik tadqiqotlar yaratdi. Xususan, “Mirzo Ulug‘bek davri madrasalari”,  “Samarqandda oliy ta’lim-madrasai oliya. Universitet tarixidan lavhalar” risolalarida Mirzo Ulug‘bek madrasai oliya majmuasi oliy ta’lim tarixida alohida o‘rin tutishi, Samarqand davlat universiteti ana shu madrasai oliyaning bevosita vorisi va davomichisi ekanligi asoslab berilgan va buning sharqu g‘arb olimlari, ilm ahli tomonidan e’tirof etilganligi ta’kidlanadi. Ushbu risolalarning ahamiyatli tomonlaridan biri Mirzo Ulug‘bek davriga qadar va undan bugungi kungacha bo‘lgan madrasai oliyalar haqida tizimli ma’lumot berish bilan birga ularning vaqflari, ta’lim dasturlari va bosqichlari, ularda faoliyat olib borgan mashhur allomalar, mavjud kutubxonalar haqidagi qimmatli fikrlar ham o‘z aksini topgan.

Boturxon Valixo‘jayev ilm sohasida hamisha yangi so‘z aytishni, ilmiy muammoni asosli yoritishni, ishning mohiyatiga asosiy diqqatni qaratishni sevar, shunday bo‘lishni shogirdlariga o‘rgatar hamda talab etar edi. Zahmatli mehnatlar natijasida ustoz rahbarligida o‘ndan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari yoqlandi. Olim o‘ttizdan ortiq ilmiy tadqiqotlarga rasmiy hakamlik, ko‘plab o‘quv qo‘llanmalari, risola va monografiyalarga muharrirlik qildilar.

Umuman, Boturxon Valixo‘jayev ilmiy va murabbiylik faoliyati bilan cheklanib qolmay, juda keng jabhada ma’naviy, ma’rifiy, madaniy ishlarda ham jonkuyarlik bilan faoliyat ko‘rsatdilar.

Bir narsani aniq ishonch bilan aytish mumkinki, ustozning barhayot nomi hamisha oila a’zolari, yoru birodarlari, hamkasblari, shogirdlari, adabiyot muxlislari, kelajak avlod tili va dilida e’zozlanadi, ulug‘lanadi.  
     
       
 

Sobirjon Tohirov,
Gulsanam Xoliqulova
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti dotsentlari