Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Azim Latipov: Aholining daxldorlik tuyg‘usi oshib bormoqda
11:24 / 2019-12-22

Buxoro viloyatida 591 saylov uchastkasi tashkil etilgan bo‘lib, ularda 1 million 198 ming 600 nafardan ziyod saylovchilar ro‘yxatga olingan.

Buxoro viloyatida 591 saylov uchastkasi tashkil etilgan bo‘lib, ularda 1 million 198 ming 600 nafardan ziyod saylovchilar ro‘yxatga olingan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga saylovlar o‘tkazilayotgan mazkur uchastkalarda ovoz berishda yuqori faollik kuzatilmoqda. Biz ushbu saylov uchastkalarining bir qanchasida bo‘lib, ularda qatnashayotgan o‘z sohasining taniqli peshqadamlari bilan suhbatlashdi.

Azim LATIPOV, Shofirkon tumanidagi “Azim Shofirkon yulduzi” fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni:

– Mamlakatimizda barcha jabhalar, jumladan qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Albatta, bunda parlament tomonidan qabul qilingan qonunlar muhim omil bo‘layotir. Senator sifatida Oliy Majlis yuqori palatasi yig‘ilishlarida bu qonunlarning qizg‘in muhokamasida qatnashib, o‘z fikrlarimni bildirganman.

Har qanday islohot samarasi amaliy ishlarda namoyon bo‘ladi. Biz, fermerlar ham buni faoliyatimizda ko‘rib, his etib turibmiz. Keyingi yillarda davlatimiz qishloq xo‘jaligi sohasini har tomonlama yanada qo‘llab-quvvatlamoqda. Masalan, paxta va donning xarid narxi bozor talablariga mos oshirildi. Ekinlarni sug‘orishda elektr nasoslaridan foydalanadigan fermer xo‘jaliklari sarflaydigan elektr energiyasi xarajatlari davlat tomonidan qoplanmoqda. Bu esa yuqori hosildorlikka erishishga rag‘bat etayotir.

Joriy yilda xo‘jaligimiz don va paxtadan barakali xirmon ko‘tardi. Sof foydamiz ko‘paydi. Jamoamiz moddiy manfaatdorligi oshdi.

Hayot yanada rivojlanishni taqozo etadi. Bu demokratik yangilanishlarning muhim jihati hamdir. Men ko‘plab saylovlarda ishtirok etganman. Ammo bu galgi siyosiy tadbir ulardan tubdan farq qiladi. Uning demokratik talablarga har tomonlama hamohang yangi qonun hujjati asosida o‘tayotgani quvonarli.

Islohotlarni chuqurlashtirish uning huquqiy asoslariga bog‘liq. Bunda esa vakillik organlariga tashabbuskor, fidoiy, byurokratik g‘ovlarga qarshi qat’iyat ko‘rsatadigan kishilar kelishi muhimdir. Saylovchilarning faolligi ularning jamiyatda kechayotgan jarayonlarga daxldorlik tuyg‘usi oshib borayotganini ko‘rsatadi.

Shirin ShARIPOV, mamlakat paralimpiya terma jamoasi a’zosi, dzyudochi:

– Mamlakatimiz hayotida muhim ahamiyatga ega saylovda ishtirok etish nafaqat huquq, balki daxldorligimizni ifoda etuvchi burchimiz ham hisoblanadi. Buni biz, sportchilar ham yaxshi his qilamiz. Saylovlarda ovoz berish orqali yurtimiz ravnaqi, uning qudrati, dunyodagi obro‘-e’tibori oldida mas’uliyatli ekanligimizni namoyon etamiz.

Mamlakat dovrug‘ini yoyishda sportning o‘rni beqiyos. Bu bizning zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi, albatta. Xalqaro musobaqalarda qatnashar ekanmiz, ota-onamiz, yurtimiz ishonchini oqlash muqaddasligini chuqur anglaymiz. Xuddi, shu tuyg‘u bizga kuch bag‘ishlaydi. 

G‘alabang sharafiga davlating madhiyasi yangrab, bayrog‘i ko‘tarilishi juda ham faxrli. Kelgusi yil Yaponiyada o‘tkaziladigan har to‘rt yillikning bosh musobaqasi, ya’ni Olimpiada o‘yinlarida g‘olib bo‘lishni maqsad qilganmiz.

Bugun men o‘zim tanlagan nomzodga ovoz berdim.