Ozarbayjon davlat axborot agentligi – AzerTAJ 104 yoshni qarshi oldi. 1920-yil 1-mart – ilk yangiliklarini tarqatgan sana agentlik tashkil topgan kuni sifatida qabul qilingan.
Agentlik turli davrlarda AzKAFROSTA, AzTAG, AzerTA, “Azerinform” nomlari ostida faoliyat olib borgan. Ozarbayjon mustaqillikka erishgandan keyin AzerTAJ rasmiy axborot agentligiga aylantirilgan.
Bugungi kunda AzerTAJ Jahon axborot agentliklari kongressi, Yevropa alyansi (EANA), Osiyo va Tinch okeani axborot agentliklari tashkiloti (OANA) Kengashining faol a’zosi hisoblanadi. 2016-2019-yillar Jahon yangiliklar kongressi va OANAda bir vaqtning o‘zida raislik qilib, agentlik o‘z nomini jahon ommaviy axborot vositalari tarixiga kiritdi. 2023-yil Istanbulda bo‘lib o‘tgan Turkiy tillar axborot agentliklari uyushmasi ta’sis Bosh assambleyasi (ATNA)da AzerTAJ ushbu tuzilma bosh kotibligini zimmasiga oldi.
Agentlik yangiliklari azertag.az sayti, axborot varaqalari va ijtimoiy tarmoq orqali tarqatiladi. Ijtimoiy tarmoqda jamoaning turli shakl va tilda jami 30 sahifasi mavjud. Bugungi kunda saytga har kuni o‘rtacha 500 dan ko‘p yangilik, 40 dan ortiq video va 100 dan ziyod surat joylashtiriladi. 2023-yil AzerTAJda 190 mingdan ko‘proq axborot, xabar tayyorlangan.
So‘nggi yillarda 50 ga yaqin xorijiy axborot agentliklari bilan hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar imzolangan, 5 qit’ada faoliyat yurituvchi agentliklar bilan axborot almashinuvi davom etmoqda.
AzerTAJ sakkiz – ozarbayjon, ingliz, rus, nemis, fransuz, arab, xitoy va ispan tillarida yangilik tarqatadi, mintaqada birinchi bo‘lib besh tilda video material uzatishni yo‘lga qo‘ygan. Agentlik Ozarbayjon haqidagi ma’lumotlarni, aytish mumkinki, sayyoramizning turli burchaklariga yetkazadi. Ushbu manba jahon miqyosida nufuzli, ishonchli va xolis axborot makoni sifatida qabul qilinadi. Dunyoning 21 davlatida vakolatxonasi mavjud.
O‘zA