Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Azaliy do‘stlik va qardoshlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tariladi
17:26 / 2021-04-02

Munosabat

Bugun kim bilan uchrashmang yoki suhbatlashmang, barchaning diqqat-markazi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 31 mart kuni Turkiy Kengashning videokonferensiya shaklidagi norasmiy sammitida ilgari surgan qator tashabbuslariga qaratilganining guvohi bo‘lasiz.

Davlatimiz rahbari boshchiligidagi yangi O‘zbekiston tashqi siyosat sohasida ham faol va samarali faoliyat olib borayotgani, ya’ni uzoq va yaqindagi barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni tobora kengaytirayotgani, avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari o‘rnatishga harakat qilayotgani qo‘shni davlatlar rahbarlarining e’tirofiga ham sabab bo‘lmoqda.

Xususan, Qozog‘istonning qariyb 1 asrdan buyon faoliyat yuritib kelayotgan va 6 ta tilda axborotlarni uzatadigan “Kazinform” xalqaro axborot agentligi muxbirining “Sadir Japarov Qozog‘iston va O‘zbekiston Prezidentlariga minnatdorchilik bildirdi” sarlavhali maqolasida ta’kidlanishicha, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining norasmiy onlayn sammitida “Qozog‘iston va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentlariga rasmiy tashrifim davomida qabul uchun minnatdorchilik bildiraman”, deya kelajakda boshqa turkiy tilli davlatlar rahbarlari bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo‘lishiga umid bog‘lagan.

Prezidentimizning, avvalo, iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, shuningdek, a’zo davlatlar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida Turkiy Kengashning o‘z Investitsiyaviy jamg‘armasi hamda Taraqqiyot bankiga ega bo‘lish fursati yetgani, mintaqa transport va tranzit salohiyatini oshirish bilan bog‘liq tashabbuslarining amalga oshirilishi umumiy 115 million kishilik aholiga ega davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti yanada yaxshilanishiga imkon beradi.

Ma’lumki, mamlakatimiz Prezidenti Turkiy kengashning 2018 yil 3 sentyabr kuni Cho‘lponota shahrida (Qirg‘iziston) bo‘lib o‘tgan sammitida birinchi marta faxriy mehmon sifatida qatnashgan edi. Bir yil o‘tib, 2019 yil 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Turkiy kengashga a’zo bo‘ldi va 2009 yil 3 oktyabr kuni imzolangan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi. Bir oydan so‘ng, ya’ni 2019 yil 15 oktyabr kuni O‘zbekiston Bokuda Turkiy kengashning oliy maslahat organida tashkilotning to‘laqonli a’zosi sifatida qatnashdi va Prezident Shavkat Mirziyoyev TTDHK yettinchi sammitida nutq so‘zladi.

Ushbu anjumanda Prezidentimiz tomonidan adabiyot va san’at sohasida Xalqaro mukofotni ta’sis etish tashabbusi ilgari surilgan edi.

Joriy yilning 31 mart kunidagi norasmiy sammitda ma’lum bo‘lganidek, Prezidentimizning ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarini, shuningdek, turkiy dunyo birligini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida xalqaro mukofot ta’sis etish hamda ushbu mukofotni Mir Alisher Navoiy nomi bilan atash haqidagi taklifi tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari tomonidan to‘liq ma’qullangan.

“Biz buni barcha turkiy xalqlarning faxru iftixori bo‘lgan, ulug‘ zot – Alisher Navoiyga yuksak ehtirom ifodasi, deb qabul qilamiz. Bu nufuzli mukofotning ta’sis etilishi turkiy birlik ruhini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida.

Darhaqiqat, ushbu muhim yangilik joriy yil mamlakatimizda 580 yilligi keng miqyosda nishonlanayotgan, o‘zbek adabiyotini jahon yuksakligiga ko‘targan va adabiy tiliga asos solgan Mir Alisher Navoiy bobomizning xizmati ne-ne davrlar o‘tsada, asrlar oshsada, dunyo bo‘yicha munosib darajada e’tirof va ehtirom ko‘rsatilayotganidan dalolatdir. Jumladan, ulug‘ bobokalonimiz “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida turkiy tilning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotdagi o‘rni, uning grammatik mukammalligi, so‘zlarga boyligi, forsiy til qoidalariga qiyoslangan holda chuqur va aniq misollar orqali tahlil etilgan.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning hozirgi ochiq, konstruktiv va amaliy tashqi siyosatini ilgari surishi, shuningdek Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarni mustahkamlashiga Turkiy kengash tashkiloti qo‘shimcha omil bo‘lib xizmat qilishi muqarrar.

 

Odiljon  TOJIEV,

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining

Raqamli rivojlanish va axborot siyosati masalalari bo‘yicha o‘rinbosari