Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Azaliy adabiy hamkorlik
22:27 / 2023-05-27

Qadim ildizlarga ega O‘zbekiston – Xitoy adabiy-ma’rifiy aloqalari XX asrning ikkinchi yarmida o‘ziga xos tarzda, izchil rivojlanib, ikki xalq adabiyot vakillari ijodi orqali yaqqol namoyon bo‘ldi.

Aytish joiz, xitoy va o‘zbek adabiyotidagi o‘xshashlik so‘z san’atining qadimiy an’analariga tayanishi, teran falsafiy ruhi, milliylikka asoslanishi, xalqchilligida aks etadi. Shundanmi, davr, zamon silsilasi qanday kechmasin, adabiy aloqalar tobora ravnaq topdi, bir-birini boyitdi, kitobxonlarni ikki xalq adabiy jamoatchiligida kechayotgan ijodiy jarayon bilan muttasil tanishtirib bordi.O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, she’riyat yo‘nalishida alohida kitob shaklida “O‘zadabiynashr” tomonidan “Shinjon shoirlari ijodidan” nomli kitob 1967 yil A.Rahmat, U.Mamatoxunov, 1962 yil Li Yunning “Ipak yo‘li” asari, 1968 yil Go Mo-Joning “Tanlangan she’rlar”i Aziz Abdurazzoq tarjimasida chop etilgan.

Nasrda Chjao Shulining “Tanlangan asarlar”i 1955 yil T.Hasanov, S.Aminov, Mao Dunning “Hikoyalar”i “O‘zdavnashr”da, Chjou Li-Boning “Dovul” romani M.Aliyev, G.Abduhafiz, Ba Szinning “Oila” romani Lao Shening “Uydan xat” hikoyalar to‘plami 1963 yil F.Nasriddinov tarjimasida o‘quvchilarga taqdim qilingan. O‘zbek va xitoy ijodkorlari o‘rtasidagi adabiy hamkorlik dramaturgiya sohasida ham samarali yo‘lga qo‘yilgani e’tiborga molik. Jumladan, Xe Szin-Chji va Din Ni muallifligidagi 5 parda 19 ko‘rinishli “Sochi oqargan qiz” dramasi A.Bobojon tarjimasida kitob holida nashr etilgan. Yosh kitobxonlarimiz uchun V.Abdullayev va A.Baratov “Xitoy xalq ertaklari”ni, X.Ahrorova Lu Sinning “Qadrdon qishlog‘im”, M.Jalolova San Shan-Feyning “O‘n kichkina do‘stim” hikoyalar to‘plamlarini, O.Sharipov Xitoy xalqlari afsona va ertaklaridan iborat “Ajdarning ko‘zi” nomli kitobni, O. Jamoliddinov Xua Shan qalamiga mansub xitoy xalqining yapon bosqinchilariga qarshi olib borgan urushi haqidagi hikoyalaridan iborat “Xo‘roz patli xat” asarini, H.Ro‘zimetov Chjan Tyan-Ining “Katta Lin bilan kichik Lin” nomli ertak-qissasini o‘zbek tiliga o‘girgan.

Xitoy adabiyotidan namunalar yurtimizdagi bosma adabiy nashrlarda ham muntazam va keng yoritilgan. Jumladan, ustoz munaqqid, tarjimon, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov tarjimasida Chjao Uning turkum hikoyalari, Lyu Isin hikoyalari “Jahon adabiyoti” jurnalida 1999 yil bosilgan. Ayni payt “Qadimgi xitoy nasridan namunalar” Ma’ruf Jalil, Sungling Puning “Xitoy novellalari” J.Ziyamuhamedov, Chjan Junning “Yovvoyi oqqushlar” nomli hujjatli povesti Fayzi Shohismoil, Syuy Di-Shanning “Qaytish” hikoyasi L.Shoimova, Mo Yanning “Musallas mamlakati” romani Amir Fayzullo, Sevara Alijonova, Li Shaninning “Hikmatli mansuralar”i Muzaffar Ahmad, Lyu Szunning “Ilhom manbai” hikoyasi Mahkam Mahmudov tarjimasida “Jahon adabiyoti” jurnalida o‘zbek kitobxonlariga taqdim etilgan. Ikki mamlakat adabiy aloqalari jarayonida o‘zbekistonlik adib va shoirlarning ko‘plab asarlarini xitoy tiliga o‘girib, Chin yurti adabiyot muxlislariga tortiq qilingani diqqatga sazovor.  

Mustaqillikdan avvalgi davrda Sadriddin Ayniyning “Esdaliklar”i, “Sudxo‘rning o‘limi” qissasi, “Doxunda” va “Qullar” romanlari, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim she’rlari, Hamid G‘ulomning “Mangulik” romani, atoqli ijodkor Abusaid Ko‘chimov she’rlari xitoy tiliga tarjima qilingan. “Mangulik” romani Xitoyda yarim million nusxada chop etilgani ma’lum. Shanxay Fanlar akademiyasi huzuridagi adabiyot va san’at ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari U Gochjan va Pan Sinlin Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonini xitoy tiliga tarjima qilib, 2017 yilda nashr ettirgan. Bu kitobning bir nusxasi hozir Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida saqlanmoqda.

Shanxay xorijiy tillar universiteti qoshidagi Jahon adabiyoti instituti direktori Chjen Tiu 2018 yil yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshning bir necha hikoyasini xitoy tiliga o‘girgan. Qayd etish kerak, Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanidagi tadqiqotchi va tarjimonlar o‘zbek adabiyotini o‘rganish va uyg‘ur tiliga tarjima qilishda ancha faol. Shulardan o‘zbek mumtoz adabiyoti tadqiqotchilari Usmon Juma, Tursun Qurbon, Abduvali Karim kabi ijodkorlarni ko‘rsatish mumkin.

Shinjon universiteti professori Tursun Qurbon ustoz adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning “Ko‘hna dunyo” romanini uyg‘ur tiliga o‘girgan. Shuningdek, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani, G‘ulom Karimiy, Ne’mat Aminov, Tohir Malik, Qamchibek Kenja, Asad Dilmurod, Turob Maqsud, Abdunabi Boyqo‘ziyev, Ilhom Zoir qissa va hikoyalari, Abdulla Oripov, Qambar ota she’rlari ham uyg‘ur tiliga tarjima qilingan.

2020 yil Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani xitoy tiliga tarjima qilinib, ikki ming nusxada Xitoyda chop etildi. Ushbu kitob tarjimasi Toshkent davlat sharqshunoslik institutining doimiy hamkori – Xitoyning Lanjou universiteti chet tillar instituti dotsenti Di Syaosya xonimning ikki yillik mehnati samarasidir. Aytish joiz, O‘zbekiston va Xitoy adabiy doiralari o‘rtasidagi hamkorlik tobora izchil ravnaq topmoqda. Bunday rivojlanish tendensiyasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning milliy adabiyotimizni yanada rivojlantirish, ijodkorlarga mehr, e’tibor ko‘rsatish, adabiy jabhada xalqaro aloqalarni yanada kuchaytirish, yangi istiqbolni belgilash yo‘lida olib borilayotgan ezgu intilishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Nazokat Usmonova, O‘zA