Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AYYOM FAZILATI: namoz oʻqishdan keyingi eng afzal ish...
12:37 / 2020-08-14

Hadis va rivoyatlar insonni hayotlik chogʻida yaxshilik qilish, saodatli umrga chorlaydi.


Hadis va rivoyatlar insonni hayotlik chogʻida yaxshilik qilish, saodatli umrga chorlaydi.

Bu gal Alloh taoloning: “Biz insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni buyurdik”[1] degan oyati karimasi haqida soʻz boradi.

Valid ibn Iyzor shunday dedi: Abu Amr Shayboniyning “Mana bu hovlining egasi bizga hadis aytgan” deb Abdullohning hovlisiga imo-ishora qilganini aytdi. U (Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu)aytdilar: “Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: Alloh azza va jallaga eng sevimli amal qaysi?”, – deb soʻradim. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Oʻz vaqtida oʻqilgan namoz”, -dedilar. Men: “Undan keyin qaysi?” – deb soʻradim. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Undan keyin ota-onaga yaxshilik qilish”, – dedilar. Men: “Undan keyin yana qaysi?” – deb soʻradim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Keyin Alloh taolo yoʻlida jihod qilish”, – dedilar. Abdulloh ibn Masʼud: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga mana shularni aytdilar. Agar men soʻrashimni ziyoda qilganimda, albatta (Rasululloh) ziyoda javob berar edilar”, – dedi.

Abdulloh ibn Masʼud – sahobiy, toʻliq ismlari, Abdulloh ibn Masʼud ibn Gʻofil ibn Habib ibn Shamx ibn For ibn Maxzum ibn Sohila ibn Kohil ibn Horis ibn Tamim ibn Saʼd ibn Huzayl ibn Mudrika ibn Ilyos Xuzaliy, kunyalari Abu Abdurahmon. Ota-onalari Huzayl qabilasidan boʻlganlar. U oʻta kichik jussali odam boʻlgan. Abdulloh ibn Masʼud Islomga oltinchi boʻlib kirgan. 

Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning doimiy xizmatlarida boʻlgan. Rasulullohga xizmatlari natijasi oʻlaroq va ilmga chanqoqligi sababidan Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu Islom ummatining faqihi, mujtahid olim darajasiga yetdilar. Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu Islom ummati qorilarining peshvosi boʻldilar. Alloh taolo Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhuga Islom dinining dastlabki vaqtlarida Qurʼoni karimni dunyoda birinchi baralla oʻqigan inson martabasini bergan boʻlsa, keyinchalik Oʻz kalomini eng yaxshi tilovat qiladigan va maʼnolarini eng yaxshi biladigan shaxslardan qildi.

Shuning uchun Abdulloh ibn Masʼud musulmonlar ichida oʻzining aʼlo darajadagi qiroati va shirali ovozi hamda oyatlarni toʻgʻri tafsir qilishi bilan ajrab turgan. Oʻttiz ikkinchi hijriy yilda (m.653y.) vafot etgan.

Hadisning umumiy maʼnosi:

U (Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu) aytdilar: “Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: Alloh azza va jallaga eng sevimli amal qaysi?”, – deb soʻradim.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oʻziga berilgan bu mazmundagi savollarga savol beruvchining holatiga qarab turlicha javob berganlar. Sahoba bu oʻrinda Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamdan inson jismi ila bajariladigan solih amallarning afzalrogʻi haqida soʻramoqda. Agar qalb bilan bajariladigan amal haqida boʻlganida edi, shubhasiz “Alloh taologa iymon keltirish” mazmundagi javob berilgan boʻlur edi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Oʻz vaqtida oʻqilgan namoz”, -dedilar.

Yaʼni, Rasulullohning bu javoblari namozning avvali va oxirgi vaqtini oʻz ichiga oladi. Alloh taolo ham Qurʼoni karimning bir necha oʻrinlarida namozni oʻz vaqtida ado etishga buyurgan. “Barcha namozlarni va xususan oʻrta namozni (asr namozini) saqlanglar — oʻz vaqtlarida ado qilinglar! Va Alloh uchun boʻyinsungan holda turinglar!”[2]

Hadisda mukallaf boʻlgan har bir banda koʻzda tutilgan. Namoz farzligi erkak-ayolga barobardir. Farzlarni bajarib, harom ishlardan yiroq yurmoq bandani doʻzaxdan saqlaydi.

Men: “Undan keyin qaysi?” – deb soʻradim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Undan keyin ota-onaga yaxshilik qilish”, – dedilar.

Hadisda ota-onaga yaxshilik qilish namoz oʻqishdan keyin eng afzal ish ekanligi taʼkidlanmoqda. Nabiy sallollohu alayhi va sallamning bu javoblari ota-onaga yaxshilik qilish, ularning xizmatida boʻlishning savobi ulugʻroq ekanligiga dalildir. Nabiy sallollohu alayhi va sallam ota-onaga yaxshilik qilishni Alloh taolo yoʻlida jiddu jahd, urush qilishdan ham oldinga qoʻydi. Darhaqiqat, har bir ota-onaning oʻz farzandini kamoliga yetishida xizmatlari tengsizdir. 

Hech qanday evaz talab qilmasdan, ota-ona oʻz farzandini goʻdakligidan oq yuvib, oq tarab, uni asrab-avaylab voyaga yetkazadi. Yillar davomida hech qanday evazsiz, mehr bilan farzandni kiyintirib, yedirib-ichirib, taʼlim olishiga sharoit yaratib, uni jamiyatda oʻzi va boshqalar uchun kerakli insonga aylantiradilar. Ularning farzand uchun qilgan xizmatlarini qalam bilan yozib ado qilib boʻlmaydi. Shuning uchun ham Alloh taolo ham Isro surasida va boshqa suralarda oʻzigagina ibodat qilishga buyurganidan keyin ota-onaga yaxshilik qilishga buyuradi:

“23. Parvardigoringiz, yolgʻiz Uning Oʻziga ibodat qilishlaringizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishlaringizni amr etdi. Agar ularning (ota-onangizning) birovi yoki har ikkisi sening qoʻl ostingda keksalik yoshiga yetsalar, ularga qarab “uf” tortma va ularning (soʻzlarini) qaytarma! Ularga (doimo) yaxshi soʻz ayt! 24. Ular uchun, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut — xokisor boʻl va: “Parvardigorim, meni (ular) goʻdaklik chogʻimdan tarbiyalab-oʻstirganlaridek, sen ham ularga rahm-shafqat qilgin”, deb (haqlariga duo qil)!”[3]

Men: “Undan keyin yana qaysi?” – deb soʻradim.

Sahoba yaxshi amallarga haris boʻlganligi sababli Rasuli akramdan yana savol berib soʻradi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Keyin Alloh taolo yoʻlida jihod qilish”, – dedilar.

Darhaqiqat, fazilatli amallar bisyor. Ammo ularning turli darajalari mavjud boʻlib, baʼzi oʻrinlarda biri biridan afzalroq boʻladi. Ana shunday fazilatli amallardan biri Alloh taolo yoʻlida jihod – harakat qilish, jiddi-jahd qilishdir.

Jihodning ham bir necha turlari boʻlib, kishi oʻz havoyi nafsi bilan kurashishi, shariat ilmini oʻrganib soʻz bilan Alloh taoloni yoʻliga boshqalarni chaqirishi, molu mulki bilan dinga xizmat qilishi shular jumlasidandir. Ularning ichida eng ulugʻi boshqa hadislarda keltirilganidek, kishini oʻz nafsi bilan kurashmogʻi va uni hidoyat yoʻlida ushlab turmogʻidir. Zero, Rasululloh sallollohu alayhi va sallam: “Alloh yoʻlida nafsiga qarshi jihod qilgan kishi haqiqiy mujohiddir!”(Termiziy va Ibn Hibbon rivoyatlari). Chunki, oʻz nafsi bilan kurashib uni jilovlab, faqat toat-ibodatlaru solih amallar sari oshiqadigan va gunoh ishlardan yiroq yuradigan moʻmin kishi oʻzining koʻzga koʻrinmaydigan dushmani ustidan gʻalaba qozonadi. 

Aslida, hech bir kurash bu kabi muhim va uzoq yillar davom etmaydi hamda hech qaysi gʻalaba mazkur gʻoliblik kabi ulugʻ sanalmaydi. Inson oʻz nafsining ustidan gʻolib kelsagina shaytoniy nafs va havoi-xohish izmiga yurmaydi. Nafsini magʻlub etib, havoyi-xohish asirligiyu shayton vasvasalaridan ozod boʻlgan inson qalbida ilohiy nur – imon porlaydi. Ana shundan keyingina moʻmin kishi Alloh azza va jalla yoʻlidan ogʻishmay qadam tashlaydi.

Abdulloh ibn Masʼud: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga mana shularni aytdilar. Agar men soʻrashimni ziyoda qilganimda, albatta (Rasululloh) ziyoda javob berar edilar”, – dedi.

Abdulloh ibn Masʼud oʻz ixtiyori bilan savol berishdan toʻxtaganligini maʼlum qilmoqda. Shariatdan deb aytilgan bir amalni hayotlariga tatbiq etib boʻlganlaridan keyin ikkinchisi haqida soʻrash sahobalarning odatlaridan edi. Eshitganlariga amal qilib, uni hayotlariga tatbiq etmasdan boshqa amallarni soʻrashmas edilar. Shuning uchun Abdulloh ibn Masʼud Rasulullohdan eshitgan ushbu uch amal bilan kifoyalanib, boshqa savol bermadi. Zero, har bir inson uchun oʻz hayoti davomida mana shu uch narsani amalga oshirishning oʻzi ulkan ishdir.

Hadisdan olinadigan foydalar:

Din-diyonatga, eʼtiqodga oid ishlarni ilmli kishidan soʻrash.

Farz namozlarini oʻz vaqtida oʻqish.

Ota-onaga yaxshilik qilish.

Savolni oʻzining toqat darajasiga qarab berish va koʻp savol bermaslik.

Shariat ilmlarini muttasil holda kam-kamdan oʻrganishga harakat qilish.

Islom diniga oid soʻzlarni, shu jumladan “jihod” soʻzini ham toʻgʻri maʼnoda talqin qilish, haqiqiy jihod oʻz nafsiga qarshi kurashish, uni tarbiyalashdir.

Koʻp savol berishdan saqlanish.

[1] Qurʼoni karim “Ankabut” surasi 8 oyat.

[2] Baqara surasi, 238-oyat mazmuni.

[3] Isro surasi, 23,24-oyatlar mazmuni.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi