Xorvatiyaning Zagreb shahrida o‘tkazilgan sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionatining yunon-rum kurashi bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Aytjan Xalmaxanov oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Aytjan polvon -60 kg. vazn toifasining so‘nggi hal qiluvchi final bahsida Janubiy Koreya vakili Chung Xan-Jayeni mag‘lubiyatga uchratdi va jahon chempioniga aylandi. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, ushbu medal so‘nggi 24 yil ichida yunon-rum kurashi bo‘yicha dunyo birinchiligida o‘zbekistonlik polvonlarning qo‘lga kiritgan dastlabki oltin medali bo‘ldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi sport kurashlari bo‘yicha o‘tgan dunyo birinchiligida 1 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medallarini jamg‘ardi. Quyida musobaqa davomida delegatsiyamizga medallar olib kelgan polvonlar bilan tanishasiz:
Oltin medal:
-63 kg: Aytjan Xalmaxanov (yunon-rum kurashi)
Kumush medal:
-60 kg: Alisher G‘aniyev (yunon-rum kurashi)
Bronza medal:
-57 kg: G‘ulomjon Abdullayev (erkin kurash)
-65 kg: Umidjon Jalolov (erkin kurash)
-72 kg: Abdullo Aliyev (yunon-rum kurashi)
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA