English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ayritom”da 9 ming 704 quti tamaki mahsuloti ushlab qolindi
10:57 / 2024-06-13

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Ayritom” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan O‘zbekiston Respublikasiga o‘tish uchun kirib kelgan avtotransport vositalari belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganida mamlakatimizga g‘ayriqonuniy tamaki mahsulotlarini olib o‘tishga urinish holatlari tez-tez kuzatilmoqda.

Jumladan, bojxona postining kirish avtopavilyoni orqali qoʻshni davlatdan Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtish chogʻida fuqaro N.O. boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi bojxona nazoratidan oʻtkazildi. Buni qarangki, avtotransport vositasi kabinasining yashirin joyiga aksiz markasi bilan markalanmagan qiymati 42 million soʻmlik 1 ming 400 quti tamaki mahsuloti borligi aniqlandi.

Yana bir holatda mamlakatimizga oʻtish uchun kirib kelgan fuqaro M.U. boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi bojxona nazoratidan oʻtkazilganida avtotransport vositasi kabinasiga yashirin joylashtirilgan hamda aksiz markasi bilan markalanmagan qiymati 25 million 800 ming soʻmlik 644 quti tamaki mahsuloti ushlab qolindi.

– Tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tizimli kurash olib borilmoqda, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shohroʻz Oʻralov. – Masalan, “Ayritom” chegara bojxona postining oʻzida keyingi bir necha kunda 12 ta holatda 12 ta yuk avtotransport vositasining turli qismlariga yashirilgan va aksiz markasi bilan markalanmagan qiymati 321 million soʻmlik 9 ming 704 quti har xil nomdagi tamaki mahsulotlari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi.

Ayni paytda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari surishtiruv harakatlarini olib bormoqda.

Xolmoʻmin Mamatrayimov,

OʻzA muxbiri