O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
talabalar turar joylarida yashovchi ayrim toifadagi talabalar ro‘yxatini shakllantirish tartibi;
talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berishni komissiya tomonidan ko‘rib chiqish tartibi;
talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirish va qoplab berish tartibi belgilab berilgan.
Mazkur qarorga ko‘ra, ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish uchun to‘lovlar 2026 yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida idoraviy mansubligiga ko‘ra tegishli vazirlik va idoralarga ajratiladigan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi, 2027 yildan boshlab esa byudjet qonunchiligi talablariga muvofiq taqdim etilgan byudjet so‘rovnomalariga asosan Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
Talabalarning davlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlari davlat oliy ta’lim tashkilotlarining faqat kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalariga (shu jumladan, xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkilotlarining qo‘shma ta’lim dasturlari asosida va fakultetlarida ta’lim olayotgan talabalar) davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishidan qat’i nazar, Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
Talabaning davlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatini qoplab berish uning oilasi Ijtimoiy reyestrning “kambagallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan sanadan boshlab 12 oy davomida saqlanib qoladi.
Talabaning oilasi Ijtimoiy reyestrga kiritilgani:
a) davlat oliy ta’lim tashkilotining tegishli axborot tizimi orqali yuborgan elektron so‘roviga asosan “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasidan olingan elektron ma’lumotlar;
b) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladigan ma’lumotnoma asosida tasdiqlanadi.
Talabaning oilasi Ijtimoiy reyestrdan chiqarilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat oliy ta’lim tashkilotining tegishli axborot tizimi orqali yuborgan elektron so‘roviga asosan “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasidan olingan elektron ma’lumotlar asosida tasdiqlanadi.
Davlat oliy ta’lim tashkilotlarining talabalar turar joyida yashaydigan talabalariga oylik to‘lovlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat oliy ta’lim tashkiloti hamda talaba tomonidan imzolangan shartnoma mavjud bo‘lgan taqdirda, qoplab beriladi.
O‘zA