French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayrim tibbiyot muassasalarida bo‘sh shtat o‘rinlari mavjud
17:48 / 2023-05-25

Jizzax viloyatida 1 million 456 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Ularga 11 ta tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 34 ta oilaviy poliklinika, 65 ta oilaviy shifokorlik punkti hamda 73 ta mahalla tibbiy punkti xizmat ko‘rsatib kelyapti.

Davlat tibbiy muassasalaridan tashqari viloyatda 174 ta xususiy tibbiy muassasa ham bo‘lib, ularning 39 tasida statsionar bo‘lim mavjud. Ambulator yordam ko‘rsatuvchi tibbiy muassasalar soni esa 135 tani tashkil etadi. Faqat stomatologik tibbiy yordam 69 ta muassasada ko‘rsatilmoqda. Eng muhimi, barcha tibbiy muassasalarda aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam paketi doirasida tibbiy xizmat ko‘rsatilyapti.  

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 13-16-moddalari ijro etilishi holati nazorat-tahlil tartibida Samarqand va Jizzax viloyatlari misolida o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.  

Yig‘ilishni qo‘mita raisi Yelena Borisova kirish so‘zi bilan ochar ekan, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi. Aholini sifatli tibbiy yordam bilan ta’minlash uchun ajratilayotgan malag‘lar tufayli ilgari poytaxtimizda amalga oshirilgan murakkab operatsiyalar mahalliy shifoxonalarda ham o‘tkazilayotganini qayd etdi.  

Jizzax viloyatidagi o‘rganishlar davomida xususan, birgina kardioxirurgiya markazida yuqori texnologiyali operatsiyalar tizimli amalga oshirilayotgani, markaz barcha tumanlar bilan internet orqali bog‘langani aniqlangan.  Nafaqat viloyat, balki tuman shifoxonalarida ham endoprotezlash amaliyotlari o‘tkazilmoqda. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ham ijobiy ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. 50 o‘ringa mo‘ljallangan Jizzax viloyat nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazida 1-2-3 guruh nogironi bo‘lgan shaxslar 1 oyda 160-180 ta reabilitatsiya davo kursini o‘taydi.  

Yig‘ilishda Samarqand viloyatidagi o‘rganishlar ham keng muhokama qilindi. Qayd etilganidek, viloyatda fuqarolarga 470 ta muassasa, jumladan 40 ta shifoxona, 16 ta tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi, 62 ta olaviy poliklinika, 150 ta oilaviy shifokorlik hamda 210 ta mahalla tibbiy punktida sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Davlat tibbiy muassasalaridan tashqari 635 ta xususiy tibbiy muassasa ham mavjud bo‘lib, ularning 123 tasida statsionar bo‘lim mavjud. Ambulator yordam ko‘rsatuvchi tibbiy muassasalar soni esa 512 tani tashkil qiladi. Qolaversa, 2 ta muassasa davlat-xususiy sherikchilik asosida ish boshlagan bo‘lsa, 3 ta xizmat autsorsinga o‘tkazilgan.  

O‘tgan davrda viloyatdagi birlamchi tizim muassasalariga 5,7 million dollar qiymatidagi UZI, EKG uskunalari hamda kompyuter jamlamalar, oftalmoskop-otoskop, xirurgik va ginekologik jamlamalar, stomatologik uskunalar, kattalar va chaqaloqlar uchun elektron tarozi va bo‘y o‘lchagich hamda boshqa jihozlar yetkazib berilgan. Bu sa’y-harakatlar samarasida respublika, viloyat va tuman shifoxonalari hamda ixtisoslashtirilgan markazlar va ularning hududiy filiallarida imtiyozli toifaga mansub 40 ming 158 nafar bemor davolandi. 587 nafar bemorda yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazilgan bo‘lsa, 22 nafar bemorda buyrak, 1 nafarida jigar transplantatsiyasi o‘tkazildi.  

Muhokamalar davomida viloyatda aniqlangan ayrim kamchilik va muammolar ham aytib o‘tildi. Jumladan, ayrim muassasalarda bo‘sh shtat o‘rinlari mavjudligi, Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Paxtachi va Urgut tumanlarining olis va chekka hududlarida mahalla tibbiyot punktlari tashkil etilmagani, aholining 1 ming 302 nafari yuqori texnologik operatsiyaga muhtojligi ta’kidlandi. Har ikkala viloyatdagi o‘rganishlardan kelib chiqib, deputatlar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash borasida qator taklif va tavsiyalarini bildirdi.  

M.Komilova, O‘zA