Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayrim tashkilotlar ichimlik suvi tarmog‘idan uzildi
18:38 / 2024-01-11

Bugun har qatra suvni asrab-avaylash, undan to‘g‘ri foydalanish muhim vazifalaridan biriga aylangan. Bu borada turli targ‘ibot va tashviqot ishlari muntazam ravishda amalga oshirilmoqda.

Aholi orasida to‘lov intizomini shakllantirish, markazlashgan toza ichimlik suvi ta’minoti tarmoqlari va oqova suv xizmatlaridan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish borasida respublika bo‘ylab turli nazorat tadbirlari joriy etilgan. 

Jumladan, iste’molchilarning ichimlik va oqova suv tarmoqlariga noqonuniy ulanishining oldini olish va aniqlangan holatlar bo‘yicha qonuniy chora ko‘rish maqsadida “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruv raisining tegishli topshirig‘iga asosan hududlarda hamkor tashkilotlar bilan nazorat-reyd tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. 

Xususan, “Qashqadaryo suv ta’minoti” MCHJ va Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish viloyat hududiy inspeksiyasi xodimlari tomonidan Shahrisabz shahri hududida o‘tkazilgan tadbirlar davomida bir nechta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. 

– O‘tkazilgan reyd tadbirlarimiz davomida “Kesh unitar avto maktabi”da suv ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan ichimlik suvidan foydalanib kelinganligi, suv o‘lchash asbobining nazorat muhri mavjud emasligi aniqlandi, – deydi "Qashqadaryo suv ta’minoti" MCHJ axborot xizmati rahbari Ixtiyor Umarov. –Shuningdek, “Xalq banki”ning Shahrisabz filialida ham suv ta’minoti korxonasi bilan shartnoma imzolanmasdan kanalizatsiya tarmog‘iga ulangan holda oqova suvlarni chiqarish (kanalizatsiya) xizmatidan foydalanib kelinganligi ma’lum bo‘ldi. Qolaversa, tashkilotda suv o‘lchash asbobi ham o‘rnatilmagan. Aniqlangan holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etish uchun tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, ichimlik suvi tarmog‘idan uzib qo‘yish choralari qo‘llanildi. 

Shuningdek, amaldagi tartibga ko‘ra, keyingi bosqichda ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish viloyat hududiy inspeksiyasi tomonidan yetkazilgan zarar miqdori ham aniqlanadi. 

Hududlarda nazorat-reyd tadbirlari davom etmoqda. 

Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri