Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayrim tadbirkorlik sub’ektlari monopoliyaga qarshi tartibga solishdan ozod etiladi
14:25 / 2022-12-01

Raqobat yo‘q joyda rivojlanish bo‘lmaydi. Darhaqiqat, iqtisodiy jarayonlarda raqobat muhiti yaratilmasa, monopollashuv darajasi ortib boraveradi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ma’lum qilishicha, bugungi kunda yangi tahrirdagi «Raqobat to‘g‘risidagi» qonun loyihasi ishlab chiqildi va unda «Raqobat to‘g‘risida»gi, «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi qonunlar birlashtirildi hamda raqobat muhitini shakllantirish, ta’minlashning mutlaqo yangi mezonlar ishlab chiqildi.  

Unga ko‘ra, mavjud ma’muriy yukni qisqartirish maqsadida kichik biznes sub’ektlari, ya’ni tovar aylanmasi 3 milliard so‘mdan kichik bo‘lgan tadbirkorlar monopoliyaga qarshi tartibga solishdan ozod etilmoqda.  

Bundan tashqari, raqobat va tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonunlar birlashtirilib, tabiiy monopoliyalarni aniq mezonlari asosida belgilash yondashuviga o‘tkazilmoqda va amaldagi «tabiiy monopoliyalar sohalari ro‘yxatini belgilash» prinsipidan voz kechilmoqda.  

Bu esa tabiiy monopoliya sohalaridan raqobatni rivojlantirish mumkin bo‘lgan bozorlarni ajratib olishga yordam beradi. Shu bilan birga, tovar va xizmatlar bozorlarida ustun mavqeni aniqlash mezonlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ma’muriy yukni qisqartirish maqsadida bozor ishtirokchilari hisoblangan ustun mavqega ega korxonalar va tabiiy monopoliya sub’ektlari tomonidan turli hisobot va ma’lumotlarni majburiy taqdim etish sharti bekor qilinmoqda.  

Eng muhimi, kichik va o‘rta biznes sub’ektlariga nisbatan ma’muriy yukni qisqartirish maqsadida oldindan rozilik olish talab qilinadigan iqtisodiy konsentratsiya, ya’ni korxonalarning qo‘shilishi, qo‘shib olinishi hamda aksiya (ulushlarni) olish va boshqalar) bitimlari qiymati 5 baravarga oshirilyapti. Sodda qilib aytganda, amaldagi 30 milliard so‘mdan 150 milliard so‘mgacha, ya’ni nazorat faqat raqobatga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yirik korxonalarga nisbatan tatbiq qilinishi belgilanmoqda.  

Yana bir ma’lumot, monopoliyaga qarshi komplayens kabi yangi institutlar kiritilmoqda. Raqamli platformalarning ustun mavqeni belgilash va ularga nisbatan monopoliyaga qarshi talablar belgilash nazarda tutilmoqda.  

Shu bilan birga, «Kartel kelishuvlarining» iqtisodiyotga va jamiyatga zararlari, oqibatlari og‘irligini inobatga olib, jahon amaliyotida ularga nisbatan qo‘llaniladigan “per se” qoidasini kiritish, ya’ni bunday kelishuvlar o‘z-o‘zidan haqiqiy emasligi prinsipi kiritilmoqda.  

Eng muhimi, endilikda normativ-huquqiy hujjatlar hamda ularning loyihalarining raqobat muhitiga ta’sirini baholash belgilanmoqda. Shu bilan birga, imtiyoz va preferensiyalar tarzidagi davlat ko‘magi ko‘rinishlari, ularni taqdim etishga nisbatan monopoliyaga qarshi talablar belgilanmoqda.  

Bundan tashqari, iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish maqsadida davlatning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishiga yo‘l qo‘yilmasligining aniq mezonlari belgilab qo‘yilmoqda. Raqobat to‘g‘risidagi qonun doirasiga nafaqat tanlov va tender, balki auksion va boshqa turdagi savdolarda raqobatni cheklash harakatlariga barham berish choralari ko‘zda tutilmoqda.  

– Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy jarimalar belgilanmoqda hamda ayrim huquqbuzarliklar uchun amalda mavjud ma’muriy jarimalar miqdorlari oshirilmoqda (amalda BHMning 3-5 baravari bo‘lsa, loyihada BHMning 10-20 baravarigacha oshirish taklif etilmoqda) va raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi uchun javobgarlik belgilanmoqda, – deydi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi departament direktori Mirzohid Komilov. — Qonun loyihasi birinchi navbatda yirik monopoliyalarning bozor hukmronligini samarali tiyib turish, tadbirkorlarni va yangi ishtirokchilarning  bozorlarga erkin kirishini ta’minlash, iqtisodiy o‘sish uchun qo‘shimcha zaxira sifatida raqobatni to‘liq himoyalashni maqsad qilib qo‘ygan.  

Bir so‘z bilan aytganda, sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash iqtisodiyotning muhim «o‘sish nuqtasi» hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishdagi islohotlar barqaror ravishda davom ettiriladi.  

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA