Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi bilan ayrim notarial harakatlar haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga berilishi taklif etilmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining ijtimoiy yordam va xizmatlardan foydalanish to‘g‘risidagi arizalardagi imzolari, agar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan haqiqiyligi tekshirilgan bo‘lsa, notarial shahodatlash talab etilmasligi nazarda tutilyapti.
Shuningdek, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ariza beruvchilarning ularning roziligi asosida bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarini axborot tizimi orqali elektron tarzda olishga va ishlov berishga haqli ekanligi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, agentlik fuqarolarning qimmatli qog‘ozlari haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kredit tarixi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham aholiga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish, shu jumladan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini ijtimoiy karta orqali taqdim etishda fuqarolarning to‘lovga qobiliyatliligini aniqlash maqsadida o‘rganiladi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi aholini ijtimoiy himoya qilish organi tomonidan ehtiyojmand aholining ijtimoiy-iqtisodiy holatini har tomonlama baholash orqali davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam va xizmatlarning manzilliligini ta’minlashga zamin bo‘ladi.
Mazkur loyiha Qonunchilik palatasining majlisida birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA