Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayrim nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa bilan birga stipendiya ham beriladi
12:35 / 2022-04-30

Prezidentimizning joriy yilning 29 aprelda “Ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 iyuldan oilaviy bolalar uylarining saqlash xarajatlari uchun Davlat byudjetidan mablag‘ ajratishda bir nafar tarbiyalanuvchiga to‘g‘ri keladigan xarajatlar hamda bolalar sonidan kelib chiqib, zarur mablag‘lar kommunal xarajatlar bilan birga ota-onalar nomiga ochilgan bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi.

Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda hamda nogironligi bo‘lgan bolalar kasb-hunar maktablarida ishlovchi texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz miqdorda ustamalar to‘lanadi.

Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarni Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi orqali badiiy adabiyotlar bilan muntazam ta’minlash uchun har yili 5 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

2023—2025 yillarda 10 ta hududda reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan “Imkon” ko‘p tarmoqli ixtisoslashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish choralari ko‘riladi.

Qarorga ko‘ra, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ularga davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olib berilgan uy-joylarni mulkka egalik qilish huquqi asosida o‘z nomiga rasmiylashtirishda notarius va kadastr xizmatlari uchun (oldi-sotdi shartnomasi va ko‘chmas mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish) davlat boji to‘lashdan ozod etiladi.

Yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalarga davlat OTMda oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya vositalari xarid qilish uchun mablag‘ ajratish amaliyoti nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga ham tatbiq etiladi.

2022 yil 1 iyundan “Ishga marhamat” monomarkazlarida inklyuziv ta’lim asosida kasb-hunarga o‘qitilayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda, BHMning 2 baravari (540 ming so‘m) miqdorida har oylik stipendiya to‘lab beriladi.

2022 yil 1 maydan “Saxovat” uylarida yashovchi zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun har oyda tegishli nafaqa miqdorining 20 foizini to‘lash tartibi joriy qilinadi.

Qarorga ko‘ra, afg‘on urushida ishtirok etgan nogironligi bo‘lgan jangchi-faxriylar individual o‘lchovlar asosida tayyorlanadigan tegishli zamonaviy protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlanadi.

2023 yil 1 yanvardan, I va II guruh nogironligi uchun pensiya tayinlangandan keyin ishlagan fuqarolarning ish staji va ish haqini hisobga olgan holda, nogironlik pensiyasi miqdorlari har ikki yilda qayta hisoblanadi.

Hududiy jamoat fondlari hisobidan O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati hamda O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalariga davlat subsidiyasi ajratiladi.
Shuningdek, 2022—2023 yillarda davlat ijtimoiy muassasalarining qurish va ta’mirlash hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 600 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

O‘zA