Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi a’zolari «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasidagi me’yorlarning sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim tizimidagi ijrosini o‘rgandi.
Buxoro va Namangan viloyatlarida nazorat-tahlil tartibida o‘tkazilgan o‘rganish yakunlari qo‘mitaning kengaytirilgan yig‘ilishida muhokama qilindi.
O‘rganishlar jarayonida deputatlar maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablarda tibbiy xizmatni tashkil etish, bolaning belgilangan tartibda dispanser nazoratida bo‘lishi, bolalar va o‘smirlarning davolash-profilaktika muassasalarida davolanishi, ta’lim muassasalarida sanitariya-gigiyena ta’limi olish huquqlari ta’minlanganligiga alohida e’tibor qaratdi.
Yurtimizda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar umumiy aholining 33,3 foizini tashkil etib, ularga tibbiy xizmat Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi 235 ta davolash-profilaktika muassasasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
[gallery-8168]
Shuningdek, umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tashkil etilgan tibbiyot xonalarida ambulator tibbiy profilaktika yordami ko‘rsatilmoqda.
Joriy yilning 1 mayidan boshlab barcha tuman (shahar)lar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida alohida bolalar bo‘limi tashkil etildi, tunu kun ishlaydigan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatuvchi pediatriya postlari va bolalar anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlari qayta tiklandi.
Mamlakatimizda Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi, Bolalar milliy tibbiyot markazlari tashkil etilib, bugungi kunda faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, bolalar orasida kamqonlik bilan kasallanish, o‘sish va rivojlanishdan orqada qolish holatlarining oldini olish bo‘yicha 2021 yildan boshlab respublikadagi 6-23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish bo‘yicha 3 milliondan ziyod multivitaminli qo‘shimchalar joylarga yetkazib berildi.
Ta’kidlanganidek, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga yetarli darajada shart-sharoitlar yaratish maqsadida birgina 2021 yilning o‘zida ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun davlat byudjeti va homiylar hisobidan 100 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi. «Zamin» xalqaro jamoatchilik fondi tomonidan kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 11 ta maktab-internatning 2 ming 253 nafar o‘quvchilari audiolog va LOR shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 1 ming 932 nafariga so‘nggi rusumdagi zamonaviy eshitish apparatlari bepul taqdim etildi.
O‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, rivojlanishida jismoniy yoki ruhiy nuqsoni bo‘lgan tarbiyalanuvchilarga mo‘ljallangan davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan 70 tasi 22,0 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ hisobidan zamonaviy reabilitatsiya asbob-uskunalari, didaktik materiallar va turli trenajyorlar bilan jihozlangan.
Shu bilan birga, sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish maqsadida joriy yilning 1 yanvaridan boshlab 1 ming 185 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida, jumladan, Buxoro viloyatida 20 ta, Namangan viloyatida 97 ta MTTda tadbirkorlarni jalb qilgan holda autsorsing usulida ovqatlantirish yo‘lga qo‘yilgan, ta’lim-tarbiya muassasalarining barchasida tibbiy xonalar tashkil etilgan.
Yig‘ilishda hududlarda o‘z yechimini kutayotgan bir qator masalalar ham mavjudligi ta’kidlandi. Xususan, o‘rganishlar jarayonida maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarining barchasi ham belgilangan me’yor asosida zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan to‘liq jihozlanmagan, o‘quvchi sonidan kelib chiqib tibbiyot xodimi biriktirilmagan. Shuningdek, ayrim umumta’lim maktablaridagi oshxonalarning sanitariya-gigiyena holati belgilangan talablarga javob bermaydi.
Yig‘ilishda qonun talablarini bajarish borasida sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim tizimida o‘zaro integratsiyani kuchaytirish, to‘g‘ri ovqatlanish, gigiyena talablariga rioya qilish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish ko‘nikmalarini bolalar ongiga singdirish borasidagi chora-tadbirlar samaradorligini oshirish lozimligi qayd etildi.
M.Komilova, O‘zA