Uzbekistan Airports kompaniyasi matbuot xizmatining xabar berishicha, Uzbekistan Airports kompaniyasi “Toshkent-3" mahalliy aviaqatnovlar terminali oldidagi maydonni rekonstruksiya qilishni boshladi.
Loyihaga ko‘ra, avtotransport vositalarining terminal oldiga kirishi soddalashtiriladi. Shunday qilib, uchta alohida yo‘lak ajratiladi: aeroportning rasmiy taksilari, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar.
Shuningdek, barcha avtomobillar uchun hududga 5 daqiqagacha kirishga ruxsat berildi. Avtomobillarning odamlarni kutib olish va kuzatish yo‘lagi xalqaro aviaqatnovlar terminalidagi yo‘l o‘tkazgich (estakada) tamoyili asosida ishlaydi. Avtomobilning yo‘lakda turish vaqti 5 daqiqadan oshib ketgan taqdirda, o‘rnatilgan va YHXB bilan integratsiyalashgan kameralar qoidabuzarlarga avtomatik ravishda jarimalar yuboradi.
Qayd etilishicha, vokzal maydonini rekonstruksiya qilish ishlari Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 17 apreldagi “Aeroportlar, temir yo‘l va avtovokzallarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Rekonstruksiya ishlarini joriy yilning avgust oyi oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2024 yilning 1 yanvariga qadar O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarda ham terminal atrofi hududlarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.
O‘zA