Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayrim hokimlar xorijiy xizmat safariga nafaqat o‘g‘li, balki turmush o‘rtog‘ini ham yuborgani ma’lum bo‘ldi
10:00 / 2026-03-03

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlarida xorijiy xizmat safarlari, ular bo‘yicha ma’lumotlarning ochiqlanishi va belgilangan tartib-taomillarga rioya etilishi o‘rganildi.

Samarqand viloyatidagi o‘rganish jarayonida viloyatning Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tumani hokimliklari mansabdor shaxslari tomonidan xizmat  safarlariga yaqin qarindoshlari, shuningdek, safarga bevosita aloqador bo‘lmagan xodimlar yuborilgani holatlari aniqlandi.

Xususan, Xitoyda Markaziy Osiyo davlatlarining professional fermerlari uchun tashkil etilgan seminarga Qo‘shrabot tumani hokimining haydovchisi M.T. hamda hokimning o‘g‘li D.D. xizmat safariga yuborilgan.

Bundan tashqari, Xitoyda tashkil etilgan “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va qayta ishlashni tashkil etish” bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida Qo‘shrabot tumanidagi sohaga aloqador hokimlik vakillari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari taklif etilgani ko‘rsatilib, 32 nafar shaxsdan iborat delegatsiya tarkibi (ro‘yxat) taqdim etilgan.

Biroq, ro‘yxatni o‘rganish davomida ayrim delegatsiya vakillari, jumladan, tuman hokimining turmush o‘rtog‘i M.Sh, hokimlik boshqa mansabdor shaxsining yaqin qarindoshi G.Sh. ro‘yxatga asossiz ravishda kiritilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ro‘yxatdagi N.X. va M.Sh. Qo‘shrabot tumanidagi 1-son texnikum xodimlari sifatida rasmiylashtirilgan bo‘lib, aslida ular ushbu texnikumda ishlamasligi ma’lum bo‘ldi. 

Bundan tashqari, tuman (shahar) hokimliklari tomonidan xorijiy xizmat safariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador bo‘lmagan xodimlarni yuborish holatlari mavjudligi aniqlandi.

Masalan, Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish va savdo shartnomalari bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishish maqsadida 2025-yil 22-30-may kunlari Xitoyga xizmat safari tashkil etilib, delegatsiya tarkibiga safar maqsadlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador bo‘lmagan hokimlik xodimi ham kiritilgan.

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida mansabdor shaxslarning xorijiy xizmat safarlari haqidagi axborotlar ochiq e’lon qilinishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, Kattaqo‘rg‘on hamda Qo‘shrabot tumani hokimliklari tomonidan ushbu ma’lumotlar asossiz ravishda yashirilgani aniqlandi.

O‘rganish va tahlillar jarayonida to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘z vakolatlari doirasida korrupsiyaviy holatlarni aniqlash, qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini ta’minlash hamda korrupsiya omillarini bartaraf etish bo‘yicha tizimli choralarni davom ettirmoqda. 

N.Abduraimova,

O‘zA