Energetika sohasida xavfsizlikni ta’minlash, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mamlakatimizda tizimli nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonda yoqilg‘i tarqatish shoxobchalari, gaz ta’minoti tarmoqlari hamda elektr energetikasi ob’ektlarida belgilangan talablarga rioya etilishi muntazam tekshirib borilyapti.
“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan o‘tkazilayotgan navbatdagi nazorat tadbirlari davomida yana bir qator qoidabuzarlik holatlari aniqlandi. Xususan, Andijon viloyati Izboskan tumanida joylashgan “M. O.” MCHJga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida neft mahsulotlarini tarqatish talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.
Tekshiruv jarayonida ushbu shoxobchadagi yoqilg‘i tarqatish ustunlarida navbatdagi davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazish muddatiga amal qilinmasdan iste’molchilarga suyultirilgan gaz sotilayotgani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 940-sonli qonuni 43-moddasiga muvofiq, ushbu AYOQSHga nisbatan realizatsiya qilingan neft mahsuloti qiymatining 50 foizi miqdorida, ya’ni 48,9 million so‘m jarima qo‘llanildi.
Nazorat tadbirlari boshqa hududlarda ham davom ettirildi. Jumladan, Samarqand shahridagi S. D. T. U. muassasasiga qarashli binoda o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur qoidabuzarlik natijasida gaz ta’minoti korxonasiga 264 million so‘mlik zarar yetkazilgan. Ayni paytda ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
–Energetika ob’ektlarida xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini ta’minlash ham nazorat tadbirlarining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda “O‘zenergoinspeksiya”ning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda inson hayoti uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatlarga alohida e’tibor qaratildi. Unga ko‘ra, Uchtepa tumanidagi 532-sonli transformator punktida ta’mirlash ishlarini olib borayotgan brigada xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilmasdan ishlayotgani aniqlanib, belgilangan tartibda brigada ish joyidan chetlashtirildi, – dedi mazkur tashkilotning axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev.
Shu bilan birga, energiya resurslaridan tejamkor va maqsadli foydalanishni ta’minlash yuzasidan ham nazorat ishlari kuchaytirilmoqda. Urganch shahrida joylashgan “R. Ye.” xususiy korxonasiga qarashli xizmat ko‘rsatish binosida ko‘cha chiroqlaridan kunning yorug‘ vaqtida foydalanilayotgani qayd etildi. Mazkur holat yuzasidan korxona rahbariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 100-moddasiga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Mutaxassislar qayd etganidek, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish va belgilangan texnik me’yorlarni bajarish nafaqat iqtisodiy samaradorlikni ta’minlaydi, balki inson hayoti va atrof-muhit xavfsizligini saqlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA