O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 404-moddasiga ko‘ra, ayolga tug‘uruqqacha 70 kalendar kun hamda tug‘uruqdan keyin 56 kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tug‘ish ta’tili beriladi.
Bunday ta’tilga chiqqan ayolga qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi.
Homiladorlik va tug‘ish ta’tili ayolga jamlangan holda hisoblab chiqarilib, tug‘uruqqacha haqiqatda foydalanilgan kunlar sonidan qat’i nazar, to‘liq beriladi.
Ammo amalda homilador ayolni ishga qabul qilishni istamaydigan yoki tug‘ish ta’tiliga chiqqan xodimga haqini to‘lashni paysalga solish holatlari uchrab turadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga fuqaro M.N. homiladorlik va tug‘ish ta’tili pullari to‘lab berilmayotgani bo‘yicha shikoyat qildi.
Aniqlanishicha, fuqaro M.N. 2021 yildan buyon "Jizzax suv ta’minoti" mas’uliyati cheklangan jamiyatining Forish filiali murojaatlar bo‘limi, ijro intizomi mutaxassisi sifatida ishlab kelgan.
2023 yil sentyabr oyida u homiladorlik va tug‘uruq ta’tiliga chiqqan. Ushbu masalada 2 oydan buyon bir necha bor jamiyatning Forish filiali bosh hisobchisiga murojaat qilganda, tushum rejasi bajarilmagani uchun uning haqini to‘lash kechikayotgani aytilgan.
Mazkur masala Ombudsman nazoratiga olinib, murojaatchining huquqlarini tiklash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga murojaat qilindi.
Natijada "Jizzax suv ta’minoti" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan fuqaro M.N. plastik kartasiga homiladorlik va tug‘ish ta’tili nafaqasi to‘liq o‘tkazib berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA