Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayolni ayol tushunadi
09:17 / 2023-03-07

Gulbeka Qo‘chqorova 2008 yilda Pastdarg‘om tumanida “Beka charos” xususiy korxonasini tashkil etganda ayrimlar “shu tikuvchilik hunarini uyida qilib o‘tirsa bo‘lmaydimi, korxona ochib nima qilardi? Buning ustiga o‘zining joyi bo‘lmasa, ijarada turib ishlab, daromad qilib bo‘ladimi?” degandi.

Haqiqatdan ham yoniga ikki-uch nafar ayolni olib maxsus kiyimlar tikish bilan ish boshlagan Gulbeka Qo‘chqorovaning tadbirkor degan nom olishi oson kechmagan edi. Eski tikuv mashinalarida ishlash, mahsulotga xaridor topish, ijarama-ijara yurish, ba’zida sotgan mahsulotini pulini ololmaslik, baland foizli kredit, ehhe, qanchadan-qancha muammoyu tashvishlar Gulbeka opaning sabrini rosa sinovdan o‘tkazgan. Lekin avvalo oila a’zolari, qolaversa, yoniga olib ishlari yurishib ketishiga ko‘ngillarida umid uyg‘otgan ayollarning ishonchi, va albatta, davlat tomonidan tadbirkor ayollarga bo‘lgan e’tibor uning chinakam tadbirkorga aylanishiga asos bo‘ldi.  

Mana endi G.Qo‘chqorovaning o‘z korxonasi, ishchilari, aylanma uchun yetarli mablag‘i va muhimi, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarining xaridori bor. “Beka Charos” hozirda yiliga 40 mingtadan ortiq maxsus ishchi kiyim ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxonada 30 nafardan ziyod xodim mehnat qiladi.  

[gallery-10866]

– Ayolni ayol tushunadi, – deydi Gulbeka Qo‘chqorova. – Jamiyatda keyingi vaqtlarda oilaviy ajrimlar soni ortib bormoqda. Shu bois hayotda qiyinchilikka uchragan, muammoli vaziyatdagi xotin-qizlar ko‘p keladi yonimga. Imkonim boricha, ularni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman. To‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashaman. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar ham korxonamda mehnat qiladi. Ular ham jamiyatda teng huquqli, mehnat qilish layoqatiga ega bo‘lganiga sharoit yaratish kerak. Shu asosda uch nafari bilan hamkorlikda ishlab kelyapmiz. Eng muhimi, ular ham boshqa ishchilar bilan birdek mehnat qiladi. Ayol kishi yetarli e’tibor bo‘lsa, har qanday sharoitga, har qanday holatga chidaydi, ammo qadr-qimmatini toptashga ko‘nmaydi.  

Gulbeka Qo‘chqorova mamlakatda tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, korxonani kengaytirish, zamon talablariga mos mahsulotlar ishlab chiqarish borasida doimo izlanishda. Korxonada asosiy faoliyat – maxsus ishchi kiyimlar tikish bilan birga tibbiyot va maktabgacha ta’lim muassasalari uchun zarur choyshab, ko‘rpa-yostiq, shuningdek, ayollar va bolalar kiyimlari tikishni amalga oshirmoqda.  

– Bugun zamon shiddat bilan rivojlanmoqda, – deydi Gulbeka opa. – Shu bois, har kuni yangilikka intilib yashash zarur. Shundagina zamon bilan hamnafas odimlash mumkin. Aksincha bo‘lsa, ortda qolib raqobatchilarni kuzatishdan boshcha chora qolmaydi. Hozirda korxonaga yangi, zamonaviy uskunalar olib kelib, faoliyatni kengaytirish, rivojlantirish borasida amaliy ishlarni boshlaganmiz. Bu borada bank kreditiga ehtiyoj sezyapmiz. “Mikrokreditbank” Pastdarg‘om filialiga loyihalarimizni taqdim etganmiz. Yil yakunigacha boshlagan ishlarimizni amalga oshirish niyatidamiz.  

Samarqand viloyatining tajribali tadbirkor ayollaridan biri sifatida elga tanilgan Gulbeka Qo‘chqorova ayni paytda Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati, “Tadbirkor ayollar” uyushmasining Pastdarg‘om tuman hududiy bo‘linmasi rahbari sifatida ham samarali faoliyat olib bormoqda. O‘zi kabi tadbirkor bo‘lishni maqsad qilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bilan birga jamiyat rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shib kelayogan Gulbeka opa eksportyor korxonalar safiga qo‘shilishni ham maqsad qilgan.  

 

G‘olib HASANOV,  

Alisher ISROILOV (surat), O‘zA.