Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayollarning ovoziga aylangan jurnal
18:00 / 2025-12-18

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Kitobxon onalar loyihasi” doirasida O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi muassisligidagi “Saodat” jurnalining 100 yillik yubileyi munosabati bilan nashr etilgan “Saodat – ayollar ovozi” nomli to‘plam taqdimoti o‘tkazildi.

Anjumanda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, “Saodat” jurnali bosh muharriri, ustoz jurnalist Munavvara Usmonova, ma’naviyat targ‘ibotchisi, taniqli shoira Gulchehra Shahobiddin qizi va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda ayol-qizlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida batafsil so‘z yuritdi.  

Ma’lumki, «Saodat» jurnali O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy bezakli nashri hisoblanadi.  Uning ilk soni 1925 yilning 1 dekabrida «Yangi yo‘l», 1936 yilda «Yorqin turmush», 1936 yilda «Yorqin hayot» nomi bilan chop etilgan. Undagi materiallar tobora faollashayotgan O‘zbekiston ayollari hayotining ko‘zgusiga aylana boshlagan.  

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1941 yilda nashr to‘xtab qolgan. 1950 yilda «O‘zbekiston xotin-qizlari» nomi bilan o‘quvchilarga taqdim etilgan.  

1966 yildan opa-singillarimizning intilishlari, qalb istaklariga hamohang tarzda ushbu nashr – «Saodat» deb nomlangan. 1999 yilning aprelida jurnalga ilova «Gulchehralar» gazetasi o‘quvchilar qo‘liga tegdi.  

Nashrga turli yillarda Tojixon Shodiyeva, Sobira Xoldorova, Xosiyat Tillaxonova, Saodat Shamsiyeva, Fotima Niyozova, Iqbol Akbarxo‘jayeva,  Oydin Sobirova, Zulfiya Isroilova, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva va boshqa ustoz jurnalist ayollar muharrirlik qilgan.

“Saodat” jurnali bizning momolarimiz, buvilarimiz, onalarimiz, opa-singillaru qizlarimiz qalbiga, shuningdek, millionlab oilalarimizga kirib bora olgan, ko‘ngillarimizga ma’rifat, adabiyot va tarbiya ulashgan oynoma sifatida xalqimizga xizmat qilib kelmoqda.

Jurnal o‘z sahifalarida O‘zbekiston ayollarining quvonchlarini, tashvishlarini, katta ijtimoiy muammolarini yoritib, hatto xotin-qizlarimizning hayotda o‘z o‘rnini topishida ijtimoiy ta’sir o‘tkaza oldi.

Nashrga uzoq yillardan buyon muassislik qilib kelayotgan xotin-qizlar qo‘mitasi tizimi jurnalni barcha davrlarda qo‘llab-quvvatlashga, haqiqat, adolatni mayoq qilib, o‘z sahifalarida oila, ayol va boshqa dolzarb masalalarga oid mavzular yoritilishida kamarbasta bo‘lib kelmoqda.

Keyingi o‘n yilga yaqin davrda Prezidentimiz boshchiligidagi oila va ayollar borasidagi islohotlarning asl mezoni bo‘lgan – ma’rifatli jamiyatni ma’rifatli onalar bilan qurish g‘oyasi “Saodat” jurnalining ham ustuvor g‘oya va strategiyasiga aylandi.

Jurnalni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, badiiy va ijtimoiy ta’sir jihatidan yetuk bo‘lishi, yurtimizdagi oilalarga kirib borishi uchun amaliy choralar ko‘rilmoqda. Bosma nashrlarning yashab qolishi oson bo‘lmagan bugungi  globalizatsiya davrida ham “Saodat” jurnalining faoliyati bardavom bo‘lishi uchun hukumatimiz ham ko‘pgina ezgu chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Jurnalda uzoq yillar muharrirlik qilib, ijodiy maktab yarata olgan ulug‘ shoiramiz Zulfiyaxonim va she’riyatimiz gavhari Halima Xudoyberdiyeva nomlarida ijod maktablari qad rostlagani, ularning badiiy siymolari – haykallari yurtimizning diqqatga sazovor maydonlarida qo‘r to‘kib turgani ham ushbu ulug‘ e’zozu ehtiromning namunalaridandir.

“Saodat” nashrining o‘tmishi haqiqatan ham shon-sharafli, millionlab nusxalarda chop etilib, millionlab qalblarni zabt eta olgan bo‘lsa, bugungi dorilomon kunlarimizda ham o‘z sahifalarida Prezidentimizning xotin-qizlarga yuksak ehtirom ko‘rsatish borasidagi keng ko‘lamli ezgu  siyosatini, ayniqsa, O‘zbekiston ayollarining dunyo ayollari harakatidagi o‘rnini, ta’lim olishda yaratilayotgan ulkan imkoniyatlarni, olimalarimizning kashfiyotlarini, ijodkor, sportchi, san’atkor, tadbirkor, pillakor, fermer, axborot texnologiyalar sohasi va boshqa jabhalar vakilalarining yutuqlarini atroflicha va tahliliy yoritib kelmoqda.

[gallery-26794]

“Saodat” jurnali ustoz-shogird degan qadimiy an’ananing ulug‘ maktabi sifatida ham yosh avlodlarimizga ibrat bo‘la oladi. Jurnal bag‘rida qancha-qancha ulug‘ ustozlarimiz minglab  shogirdlarini hayot maydonlariga, ijod va yurt taraqqiyoti uchun kurashlarga safarbar qilgan.  

100 yoshli “Saodat” jurnalimiz kelgusida dizayn va mazmun jihatdan yangilanayotgan zamon va Yangi O‘zbekiston mezonlariga, tobora dunyo bilan bo‘ylashayotgan avlodlarimiz talablariga moslashib, dunyo nashrlarining kreativ standartlarini milliy andozalar bilan uyg‘unlashtirish, badiiy jihatdan  yangi bosqichga ko‘tarish davri keldi.

“Saodat –  ayollar ovozi” nomli to‘plam tashqi ko‘rinishi, dizayni, poligrafik talablarga javob berishi, mazmuni jihatdan  yuksak mezonlar asosida yaratilgani, o‘zida bir asrlik tarixga ega nashrning yillar qatiga yashirilgan faoliyatini mujassam etgani, ko‘plab ijodkorlar, rahbar ayollar, faol xotin-qizlar, xalqaro miqyosdagi ekspert va jurnalistlarning fikr-mulohazalarini jamlagani bilan diqqatga sazovor.  

Adabiy tadbirda “Saodat” jurnalining tarixi, uning kelgusidagi ijodiy rejalari xususida batafsil so‘z yuritildi. Go‘zal she’rlar, musiqalar yangradi.

Nazokat Usmonova,  

Alimurod Mamadaminov (suratlar),  

O‘zA