Andijonda to‘rtinchi bosqich “Ayollar daftari” ga kiritilgan xotin-qizlar bilan ishlash jarayonlari, mavjud muammolar, ularning yechimlari masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati hokimligida viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi mutaxassislari, hamkor tashkilotlar vakillari, tuman, shahar hokimlari o‘rinbosarlari, oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari ishtirok etgan yig‘ilishda “Ayollar daftari” ning 4- bosqichiga kiritilgan ayollar, ularning murojaatlari bo‘yicha ishlash, aniqlangan muammolarni ijobiy hal etish, ehtiyojmand xotin-qizlarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish borasida viloyatda olib borilayotgan ishlar tahlil etildi.
– Viloyatda “Ayollar daftari” ga kiritilgan xotin-qizlarning muammolarini bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi viloyat hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnoraxon Abdullayeva. – Xususan, o‘tgan yili daftarga kiritilgan 63 ming nafar ayolga amaliy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, joriy yilda, to‘rtinchi bosqich “Ayollar daftari” ga 91 ming nafarga yaqin ayollar kiritilishi belgilangan. Ular bilan bevosita ishlash bo‘yicha rejalar ishlab chiqilgan. Ayni kunda ishlar ana shu reja asosida tizimli ravishda olib borilmoqda.

Mutaxassislar tomonidan hozirga qadar ro‘yxatga kiritilgan opa-singillarimizni qiynayotgan muammolar aniqlanmoqda, ularning qiziqish va imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Ana shundan kelib chiqib, ayollar turli yo‘nalish va toifalarga ajratilmoqda.
Yig‘ilishda hamkor tashkilotlar hamda sektor rahbarlari bilan ishlash, doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, aniqlangan muammolarni belgilangan muddatlarda hal etish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, bu borada mahalla xotin-qizlar faollarining mas’uliyatini oshirish, ro‘yxatga kiritilgan ayollar bilan olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, bajarilgan ishlar, hal etilgan masalalarni platformaga kiritib borish bo‘yicha yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA