Toshkent viloyati Qibray tumanida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Mustaqillik yillarida xotin-qizlar huquqlari va imkoniyatlari kafolatlari: Ayollarning moliyaviy savodxonligini oshirish dolzarb masala” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Ayollarning moliyaviy savodxonligini oshirish “O‘zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi” hamda “2021-2023 yillarga mo‘ljallangan moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasi” doirasida belgilangan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Tumanning turli hududlaridan 25 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan, “Temir daftar”ga kiritilgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni boshlagan ayollar ishtirok etgan tadbirda mustaqillik yillarida ayollarning huquq va imkoniyatlari kafolatlari, fuqarolik jamiyatida ayollar faolligini oshirish, shuningdek, gender tengligi masalalari va hududlarda ayollar moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, moliyaviy savodxonlik bo‘yicha oilaviy byudjetni yuritish, moliyaviy maqsadlarni belgilash, bank xizmatlaridan samarali foydalanish, bank omonatlari yordamida jamg‘armalar shakllantirish, moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash va moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish masalalari, xususan, ijobiy kredit tarixini yaratish uchun qarz mablag‘lariga mas’uliyat bilan yondashish (kredit mablag‘laridan to‘g‘ri foydalanish, kreditlarni o‘z vaqtida so‘ndirib borish) mavzulariga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, Markaziy bank xodimlari tomonidan moliyaviy ko‘nikmalar shakllantirish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.
Tadbir interaktiv shaklda olib borildi va ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA muxbiri