Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayollarni tadbirkorlikka jalb etish yo‘lida
18:15 / 2024-09-20

O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasi tomonidan joriy yilning 20-26 sentyabr kunlari O‘zbekistonda “O‘zbek – Polyak hamkorlik haftaligini o‘tkazish belgilangan.

Haftalik doirasida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasining Polshadagi elchixonasi, Polsha ayollari ligasi, Polsha madaniyat va meros vazirligi hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamkorligida ikki davlat ishbilarmon ayollarining xalqaro biznes-forumi o‘tkazildi.

Anjumanda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva va boshqalar Yangilanayotgan O‘zbekistonimizda xotin-qizlarni jamiyatning barcha jabhalarida faol ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Mamlakatimizda ishbilarmon-tadbirkor ayollarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda ularga yaratilayotgan sharoitlar, imtiyozlar, imkoniyatlar yurtning istiqbolli kelajagi uchun qanchalik muhim qadam ekanligini zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda.

Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ayollarning o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlash – islohotlarimizning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolaveradi”, degan so‘zlari bugun hayotda o‘zining yorqin amaliy ifodasini topmoqda.

Keyingi yillarda yurtimizda ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor xotin-qizlar soni 200 ming nafardan oshdi, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida ayollar ulushi 46 foizni tashkil etmoqda. Kichik biznes sub’ektlarining 120 ming nafardan ziyodini, fermer xo‘jaliklarining 4 ming 550 dan ortig‘ini xotin-qizlar boshqarmoqda.

Prezident farmoni bilan joriy yildan boshlab ayollarning kichik biznes va xususiy tadbirkorligini tashkil etish uchun 100 million dollar ajratildi.

Joriy yil 1 sentyabr holatiga Xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 136 ming 725 nafar xotin-qizlarga 2,5 trillion so‘mdan ortiq kreditlar ajratildi. Shundan, Xalq banki tomonidan 79 ming 148 nafar xotin-qizlarga 968,9 million so‘m, Mikrokreditbank tomonidan 47 ming 54 nafar xotin-qizlarga 776,6 million so‘m va Biznesni rivojlantirish banki tomonidan 10 ming 523 nafar xotin-qizlarga 774,2 million so‘m kreditlar ajratilgan.

Xotin-qizlar tomonidan amalga oshirilgan loyihalar hisobiga 148 ming 352 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Kelgusi ikki yilda kichik va o‘rta biznesda xotin-qizlarning ulushini hozirgi 25 foizdan 40 foizga oshirish bo‘yicha ulkan maqsad qo‘yilgan.

Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning biznes sohasidagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda muammolarini bartaraf etish uchun joylarda ayollarni tadbirkorlikka o‘qitish, ularda ko‘nikmalarni shakllantirish va tadbirkorlikni boshlash uchun kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etildi.

Forum doirasida mas’ul rahbarlar, olimlar, ekspertlar mavzu yuzasidan atroflicha ma’ruzalar qildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar qaytardilar.

Shuningdek, O‘zbekistonning ishbilarmon xotin-qizlari Polshadan tashrif buyurgan ishbilarmon ayollar bilan qizg‘in suhbatlashib, tadbirkorlik rejalari bilan o‘zaro fikr almashdi.

N.Usmonova, O‘zA