“Maqsad” loyihasining navbatdagi sonida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Malika Qodirxonova bilan suhbatlashdik. Mutaxassis xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi ishtirokini real misollar asosida tahlil qilib berdi.
Suhbat asnosida jamiyatda eng dolzarb masalalardan biriga aylanib borayotgan masala – xotin-qizlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatini oshirish bilan birga, ularni kiberjinoyatlardan asrash mavzusiga ham e’tibor qaratildi.
– Biz to‘rtinchi inqilob asrida yashayapmiz, demak, xohlaymizmi-yo‘qmi, bugun xotin-qizlarimiz qo‘lida telefon bor va internet mavjud. Buning yaxshi tomoni – rasmiy manbalardan tez axborot olish bo‘lsa, boshqa tarafdan zo‘ravonlikning yangi turi – kiberzo‘ravonlik kirib kelyapti. Tahlillarga ko‘ra, ushbu muammoga asosan ayollarimiz duch kelishmoqda, – dedi Senat a’zosi.
Malika Qodirxonova kiberzo‘ravonlik barcha davlatlarda uchrayotgan yomon illat ekanini ta’kidlaydi. Statistikaga ko‘ra, 2024 yil faoliyati yakuni bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi e’lon qilgan hisobotda salkam 60 ming kiberjinoyatlar sodir etilganiga guvoh bo‘lish mumkin. Shundan 97,7 foizi bank plastik kartalaridan pul yechib olish bilan bog‘liq. 2021-2024 yillarda kiberjinoyatlar oqibatida fuqarolarning 1 trillion 909 milliard so‘mdan ortiq mablag‘i talon-toroj qilingan. 2024 yilda esa zarar 603 milliard so‘mni tashkil etgan.
– Ayollarimiz o‘zi bilmagan holda bank yoki ID karta raqamini firibgarlarga aldov yo‘li bilan berib qo‘yishadi. Keyin ularning nomiga onlayn kredit rasmiylashtiriladi. Jinoyatchilar asosan ayollarning ishonchidan ko‘p foydalanyapti, – deydi Malika Qodirxonova.
Qayd etish kerak, axborot texnologiyalari sohasi nafaqat Markaziy Osiyo, balki dunyoda kelajagi porloq va qimmat yo‘nalishlardan biri sifatida tilga olinadi.
– Quvonarli ishlarimizni ham e’tirof etish lozim – ayollarimiz xalqaro loyihalarda ishtirok etyapti. “Bir million dasturchi” loyihasi muvaffaqiyatga erishmoqda, yaqindagina “Bir million sun’iy intellektchi” loyihasi ham ilgari surilgani ishlarimizning samarasini ko‘rsatib turibdi. Biz ushbu loyihada ham kamida o‘ttiz foiz qizlarimiz ishtiroki ta’minlanishini reja qilganmiz, – dedi mutaxassis.
Suhbatda, shuningdek, yaqindagina firibgarlar domiga tushgan ayol voqeasi ham esga olindi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Rrco2UGgmOU" title="Raqamli texnologiyalar ayollar uchun imkoniyat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz Xudoyberdiyev, Nishonboy Abduvoitov va Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA