O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyati kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan “Ayollari ulug‘langan yurt” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Unda partiya viloyat va tuman Kengashi xodimlari, Oliy Majlis Senati va mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlik guruhi a’zolari, mahalla xotin-qizlar faollari, tumandagi umumta’lim maktablarining ma’naviyat targ‘ibotchilari hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbirda jamiyatda xotin-qizlarning roli, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq, manfaatlarini ta’minlash, gender tengligiga erishish, oila, onalik va bolalikni har tomonlama himoya qilish, yosh qizlarning zamonaviy bilim hamda kasb-hunarlarni egallashi uchun ko‘mak berish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda gender tenglikni ta’minlash borasida muhim qadam tashlandi. “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” gi qonunlari qabul qilindi.
Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar yaratish maqsadida 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlandi. Strategiyada barcha uchun teng huquqli va sifatli ta’limni ta’minlash, qishloq joylarida qizlarning oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, xotin-qizlar gender tengligiga erishish, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, odam savdosining oldini olish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan. Sharqona gender tenglik, oilada farzandlar tarbiyasiga e’tiborli bo‘lish, o‘sib kelayotgan qizlarni oilaga tayyorlash, qaynona va kelinlar munosabatida o‘zaro hurmat-izzat yuqori o‘rinda bo‘lishi lozimligi kabi muhim masalalar ham qamrab olingan.
– Partiyamiz saylovoldi dasturida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ustuvor ahamiyat kasb etadi, – deydi viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Muslima Ro‘ziyeva. – Shu ma’noda ta’kidlash o‘rinliki, bizning mamlakatda oilaga e’tibor davlat siyosati darajasida ekanligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Shuningdek, tadbirda oiladagi ma’naviy muhitni barqarorlashtirish ota-onada farzandlar, farzandlarning ota-ona va jamiyat oldidagi burch va mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilishi xususida ham so‘z bordi. Xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim omili sanalishi, shu ma’noda oila mustahkamligini ta’minlashda xotin-qizlarning moslashuvchan ish sharoitlarini yaratish ham muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Tadbir davomida xotin-qizlar hamda erkaklarning teng huquqliligi, oila mustahkamligini ta’minlashning dolzarb masalalari, oila, onalik va bolalikni har tomonlama himoya qilish borasida fikr almashildi. Oilaviy nizolar, ajrimlar, shuningdek, ayrim oilalar hayotida uchrayotgan turli ko‘ngilsiz, noxush holatlar hayotiy misollar orqali tahlil etildi. Tadbir so‘ngida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi.
Zarif Komilov, O‘zA