Munosabat
Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, deganida naqadar haq edilar. Zero, chuqur bilim, ma’naviy barkamollik ustun joyda taraqqiyot bo‘ladi.
Shu bois, mamlakatimizda keyingi yillarda xotin-qizlarning ta’lim olishiga har qachongidanda ko‘proq e’tibor qartilmoqda. Xususan, bu borada davlatimiz rahbari ham har bir ma’ruzasida “Bitta qizni o‘qitsak, butun oilaga ta’lim bergan bo‘lamiz. Agar oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, jamiyatning ongi, madaniy darajasi ham yuksaladi” deya takror va takror ta’kidlab keladi.
Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda bu boradagi ishlar izchil davom ettirilishi qayd etildi.
Bugun men ham mana shunday ayol qadri ulug‘langan yurtda yashab, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shib kelayotganimdan baxtiyorman. Sababi, yurtimizda biz, ayollarga ham oilamizda, ham ishda o‘zimizni to‘laqonli namoyon qilishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan.
Buni quyidagi raqamlar misolida ham ko‘rish mumkin, 2017 yilda boshqaruv sohasida xotin-qizlar o‘rtacha 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu raqam 35 foizga yetgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini, Senat a’zolarining esa 27 foizini ayollar tashkil etmoqda. Albatta, ayollarning davlat boshqaruvi va parlament faoliyatidagi ishtiroki kuchaygani jamiyatimiz rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki, ayol deputatlarimiz har bir qonun loyihasi va dasturlarga avvalo mehribon ona, bir oilaning daxldor vakili sifatida yondashadi. Eng muhimi, aql-zakovatli, bilimli va iste’dodli xotin-qizlarimiz davlat va jamiyatning barcha sohalarida namuna bo‘lishmoqda.
Yuqorida ta’kidlanganidek, oxirgi 7-8 yilda xotin-qizlarning sifatli ta’lim olishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirda yurtimizdagi 203 ta oliygohda tahsil olayotgan bakalavr bosqichi talabalarining 52 foizdan ortig‘ini, magisturaturada tahsil olayotgan talabalarning 60 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etayotgani mana shu ezgu g‘oyaning amaliy natijasidir. 2024 yilning o‘zida magistraturada o‘qiyotgan 15 mingga yaqin xotin-qizga 100 milliard so‘mga yaqin kontrakt puli to‘lab berildi.
Hozirgi vaqtda 6 ming 200 dan ortiq xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgani, ilmiy ishlanmalarning 25 foizini olima ayollarimiz yaratayotgani ham, jamiyatda ularning o‘rni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Ushbu raqamlarning yaqin kelajakda yanada yuqorilashi kishini quvontiradi.
Shuningdek, yangilangan Konstitutsiyamizdagi ijtimoiy davlat tamoyiliga muvofiq, xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash sohasidagi ishlar ham tubdan yangicha shaklda tashkil etilmoqda. Bu borada har bir mahallada xotin-qizlarning holati o‘rganilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand 1 million nafar xotin-qizlarimiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan.
Joriy yilda ularning har biri bilan manzilli ishlanib, nogironligi bo‘lgan 162 ming nafar ayolga sanatoriy, shifoxona va o‘zlari yashayotgan mahallada tibbiy yordam ko‘rsatiladi, boquvchisini yo‘qotgan 130 ming nafar xotin-qizga moddiy yordam beriladi, yana 6 ming nafar ayolning uy-joy sharoitlari yaxshilanadi, mehnatga layoqatli va ish izlayotgan opa-singillarimiz ishga joylashtiriladi.
Qolaversa, bu yil 2 million nafar ayollar bandligini ta’minlash, shundan 1 million 300 ming nafar xotin-qizni tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha katta marralar belgilangan. Buning uchun tijorat banklari tomonidan ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qulay moliyaviy paketlar taqdim etiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, bunday imkoniyatlar sabab mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga bag‘rikeng, mehnatkash, zukko, fahm-farosatli, oqila, mehribon onalarimiz, opa-singillarimiz, qizlarimiz o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishlariga ishonaman.
Ularning go‘zalligi, yuzlaridagi samimiy kulgi, bayramona ruh, ko‘tarinki kayfiyat esa xalqimizning zabardast insonlari kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat, ilhomiga ilhom qo‘shishi, shubhasizdir.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash
va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA