French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish: tahlillar nimani ko‘rsatmoqda?
17:32 / 2022-08-29

Yurtimizda keyingi yillarda gender tenglikni ta’minlash sohasida izchil va samarali sa’y-harakatlar olib borildi. Asosiysi, xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini ta’minlashning qonunchilik mezonlari ham zamon talablariga mos holda takomillashtirilmoqda. Bunda ayollarga nisbatan kuch ishlatish, ayniqsa, oiladagi zo‘ravonlikni bartaraf etishga jiddiy ahamiyat qaratilyapti. Zero, xalqaro huquq ham davlatlarga bu borada aniq majburiyatlar yuklaydi.

Mamlakatimizda oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha sakkizta normativ-huquqiy hujjat, ya’ni 2 ta qonun, 1 ta Prezident qarori va 5 ta Hukumat qarori qabul qilindi. 2021 yil 9 dekabrdagi «Og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun shulardan biridir.

Qonun bilan «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi, «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi hamda «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi. Natijada 2019 yilda «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun bilan asos solingan me’yoriy-huquqiy baza yanada takomillashdi.

Mazkur hujjat xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoyalashga jalb etilgan tuzilma va idoralarning vazifalarini aniqlashtirib, ularning o‘zaro muvofiqlashgan faoliyatini takomillashtirishga zamin hozirladi. Unda nazarda tutilgan eng muhim o‘zgarishlardan biri – fuqarolar yig‘inlarining vakolatlari kengaytirilishi bo‘ldi. Jumladan, fuqarolar yig‘inining tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarni himoya qilishga doir chora-tadbirlarni belgilash, shuningdek, ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarini hamda ichki ishlar organlarini mazkur faktlar to‘g‘risida zudlik bilan xabardor qilish vakolati belgilandi.

Bu juda muhim.Chunki ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ko‘proq oilada qayd etiladi, oila esa mahallaning bir qismi. Vaholanki, taraqqiyot har soniyada ilgarilab borayotgan bugungi davrda ham o‘zbek jamiyatida mahallaning ta’sir kuchi ortsa ortdiki, aslo yo‘qolgani yo‘q. Qolaversa, zo‘ravonlikka qo‘l urgan shaxs va bunday holatlar qayd etilgan oila, hattoki ularning ajdodlari haqida ham aynan mahalla fuqarolar yig‘inlarida ishonchli ma’lumotlar bo‘ladi.

ISHONCHLI VOSITA

Gender tenglikni ta’minlashga nisbatan hozirda mamlakatimizda qo‘llanilayotgan yangicha yondashuvning o‘ziga xos jihati institutsionalizatsiya jarayonining jadallashuvi bilan bog‘liq. Bu bejiz emas. Chunki bu o‘rinda gender sohasida aniq vazifalar yuklatilgan yangi tuzilmalarni shakllantirish barqaror faoliyat yurituvchi va o‘z oldiga qo‘yilgan muhim maqsadlarni og‘ishmay, izchil amalga oshiruvchi institutlarning butun bir yaxlit tizimga birlashishiga olib keladi. Bu esa qisqa muddatlarda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi real tenglikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu jihatdan olib qaraganda, mamlakatimizda keyingi yillarda Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, Oliy Majlis Senati huzurida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tashkil etilishi bu sohada olib borilayotgan ishlarning samaradorligini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi. Endilikda aynan shu tuzilmalarning natijadorlikka yo‘naltirilgan faoliyati tufayli qonunchilikni takomillashtirishdan tortib, barcha sohalarda ayollarni qo‘llab-quvvatlash va eng asosiysi – zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Salbiy holatlarning oldini olish maqsadida Oliy Majlis Senatida xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalalari yuzasidan Ishchi guruh tashkil etilgan. Senat a’zolari, Vazirlar Mahkamasi, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat ushbu Ishchi guruh tomonidan xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan nojo‘ya harakatlarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirishga oid masalalar muhokama etib boriladi. 

Ayni kunlarda Ishchi guruh tomonidan sohaga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, shu jumladan, zo‘ravonlikni sodir etganlarga jazo choralarini kuchaytirish yuzasidan qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha keng jamoatchilik, xususan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, olimlar, mutaxassislar, yoshlar fikrlari o‘rganilib, takliflar yig‘ilmoqda.

Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi bilan hamkorlikda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari tomonidan «Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga tibbiy ruhiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha» o‘quv qo‘llanma yaratildi. 

Adliya vazirligi tomonidan xotin-qizlarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish bo‘yicha maxsus onlayn kurslar ishlab chiqildi va “kurslar.huquqiyportal.uz” elektron platformasiga joylashtirildi. Bu – aynan hozirda qilinayotgan ishlarning ro‘yxati va misollarni uzoq davom ettirish mumkin. Muhimi – ularning har biri kundalik hayotimizda xotin-qizlar maqomining o‘zgarayotgani, ayollarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortayotgani bilan ahamiyatli.

HIMOYA ORDERI – DAVLAT HIMOYASINING KAFOLATLARIDAN BIRI

Ta’kidlash joizki, himoya orderi – tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga davlat himoyasini beruvchi hujjat hisoblanadi.

Xo‘sh, ushbu order kimlarga va qanday vaqtlarda beriladi?

Oilada eridan jabrlangan, uchinchi shaxslardan sitam ko‘rgan ayollarga, ota-onasi yoki boshqa shaxslarning zulmiga duch kelgan (voyaga yetmagan) qizlarga, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarda jabr chekkan, ko‘chada, ishda, o‘qishda tazyiq yoki shilqimlikka duch kelgan, huquqbuzarlik yoki jinoyat qurboni bo‘lgan xotin-qizlarga mazkur hujjat beriladi.

Mamlakatimizda himoya orderi joriy qilinganda «Bizda bundan hech kim foydalanmasa kerak», deb o‘ylaganlar ko‘pchilikni tashkil etgandi. Chunki o‘zbek ayollari o‘z muammolarini uydan nariga chiqarishni istamasliklari hammaga ma’lum. Bundan tashqari, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi ta’sirchan amaliy mexanizmlar ham yo‘q edi.

Raqamlarga e’tibor qaratsak, o‘tgan yilda 39 ming 343 nafar xotin-qiz bunday orderdan foydalandi va o‘z huquqlarini himoya qildi. Bu, albatta, jamiyatimizda ayollar orasida huquqiy madaniyat yuksalayotganidan, joylarda profilaktika inspektorlari samarali faoliyat olib borayotganidan dalolat. Galdagi vazifa – bu mexanizmning yanada samarali ishlashini ta’minlash hisoblanadi.

MILLIY TAJRIBA VA XALQARO HAMKORLIK

O‘zbekiston BMTning shartnomaviy organlari, Xotin-qizlar tuzilmasi, Taraqqiyot dasturi va Aholishunoslik jamg‘armasi bilan gender mavzuidagi bir qator masalalar, jumladan, gender zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha faol hamkorlik qilib kelmoqda.

O‘tgan yilning iyun-iyul oylarida O‘zbekiston «Tenglik avlodi» global Parij forumida ishtirok etdi. Unda mamlakatimiz gender zo‘ravonlikka barham berish, reproduktiv salomatlik va xotin-qizlarning iqtisodiy huquqlarini kengaytirish kabi majburiyatlarni qabul qildi.

Forum doirasida o‘tkazilgan “Dunyo yog‘dusi” grantlar tanlovida O‘zbekistondan 4 ta nodavlat notijorat tashkilot – “Nihol”, “Qalb nuri” (Jizzax), “Istiqbolli avlod” (Xorazm), “Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi” (Farg‘ona) grant sohibi bo‘lib, ular hozirda ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha manzilli ishlar olib borishayotir.

Albatta, har qanday sohani takomillashtirishda xorijiy tajribani o‘rganish va uni mahalliy sharoitimizga moslashtirgan holda samarali tatbiq qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Gender tenglik ham bundan mustasno emas.

2022 yil fevral oyida BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish bo‘yicha qo‘mitasining 81-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasida xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonliklarni aniqlash, ularning oldini olish va chek qo‘yish borasida yaratilgan samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlar va amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi ma’ruza O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilishda ham yuqori bosqichni boshlab berganligi, inson erki, qadr-qimmati eng oliy qadriyat sifatida mustahkamlanishi borasidagi ishlar xalqaro ekspertlar tomonidan ijobiy baholandi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1979 yil 18 dekabrda qabul qilingan Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaga O‘zbekiston 1995 yil 6 mayda qo‘shilgan. Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish bo‘yicha qo‘mita – BMTning shartnomaviy organidir. U Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari bajarilishini monitoring qilish bilan shug‘ullanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha xotin-qizlar umumiy sonidan 35 foizi, ya’ni har uchinchisi zo‘ravonlikka duch kelmoqda. Bu degani, ushbu muammo jahondagi hech bir mamlakatni chetlab o‘tmagan. Shunga yarasha bu muammoni bartaraf etish yo‘nalishida ko‘pgina mamlakatlar o‘ziga xos tajribaga ega. Bunda asosiy tamoyil – davlat tuzilmalari va nodavlat tashkilotlarning jamoatchilik bilan doimiy aloqada bo‘lishidan iborat. Chunki zo‘ravonlik, har qanday jinoyat kabi ogohlik va shaffoflikdan «qo‘rqadi», zo‘ravonning xatti-harakatlari jamiyat tomonidan qoralanishi esa uni to‘xtatishning, pirovardida kelgusida oldi olinishining eng samarali usulidir.

O‘zbekiston ham turli mutasaddi davlat tuzilmalari va jamoat tashkilotlarini hamda keng jamoatchilikning bu yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasidagi ilg‘or xorijiy tajribalardan foydalanmoqda. Bu ayniqsa, tegishli yo‘nalishdagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi ustida ishlashda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ayollarning huquqiy savodxonligini oshirish yo‘nalishida ham yangi tajribalar qo‘llanilmoqda. Bu ham juda muhim, sababi xuddi o‘sha himoya orderi yoki boshqa imkoniyatlardan foydalanish uchun, avvalo, xotin-qizlar bu haqda bilishi lozim. Shundagina ular o‘z huquqlarini ro‘yobga chiqara oladilar.

2018 yildan boshlab bizning hayotimizga xalqaro amaliyotdan «shelter», ya’ni «xavfsiz joy» tushunchasi kirib keldi. Bu atama dastavval zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga nisbatan qo‘llanilgandi. Hozirda ular Ayollarni reabilitatsiya qilish markazlari deb yuritilmoqda.

Prezidentimizning 2021 yil 19 maydagi «Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori zo‘ravonlikka uchragan ayollarga yordam tizimini yaratish, oilaviy-maishiy zo‘ravonlikning oldini olish va uning mudhish oqibatlariga barham berishga qaratilganligi bilan ahamiyatli. Uning asosida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzurida 29 ta shunday markaz tashkil etildi. Shu paytgacha reabilitatsiya markazlari nodavlat notijorat tashkilot tarzida ish yuritib kelgan bo‘lsa, endilikda ularning faoliyati to‘liq davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi. Bu esa tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki qasd qilishga moyil shaxslar bilan ishlash sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganini anglatadi.

TAHLILLAR NIMANI KO‘RSATADI?

Statistikaga ko‘ra, o‘tgan yilda markazlarga 7 ming 869 nafar fuqaro murojaat qilgan. Ularning 7 ming 103 nafari ayol, 302 nafari ularning farzandlaridir. Markazlar tomonidan murojaat qilganlarning 2 ming 538 nafariga huquqiy, 3 ming 605 nafariga psixologik, 80 nafariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, 190 nafariga tibbiyot muassasasiga yuborish, 951 nafariga boshqa masalalarda ko‘maklashildi, 218 nafariga himoya orderini olib berishda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Demak, hozirda har bir viloyatda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bunday markazlar zo‘ravonlikka duch kelgan xotin-qizlarga shoshilinch amaliy yordam ko‘rsatish, ruhiy va jismoniy salomatligini, ayrim hollarda hatto hayotini saqlab qolishga xizmat qilmoqda.

Aslini olganda bir qarashda olamshumul ko‘rinmagan bu holat gender tenglikni ta’minlash sohasida olib borilayotgan ishlarimizdagi katta natijalardan biri. Chunki aynan shu markazlarning samarali faoliyati endilikda ko‘plab jabrdiydalarga shunchaki yordam ko‘rsatish emas, balki ularning hayotini tubdan yaxshi tomonga o‘zgartirishni ta’minlaydi. Ulardan ayollar nafaqat ko‘mak oladi, balki yangi bilimlar, hattoki kasblarni o‘zlashtirish yoki o‘z biznesini boshlash imkoniga ega bo‘ladi. Shu jihatdan ushbu tizimni rivojlantirish va takomillashtirish zo‘ravonlikka qarshi kurashishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Umuman olganda, mavzu doirasida juda ko‘plab amaliy misollar keltirish mumkin. Asosiysi, ijobiy o‘zgarishlarning ro‘yobi nafaqat bugungi kunda opa-singillarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali taraqqiyotimizni kuchaytirish, balki kelgusi avlodlarning chindanda farovon va nurli hayot kechirishlari uchun mustahkam zamin hozirlamoqda.

Malika Qodirxonova,

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va

gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi.



Foziljon Otaxonov,

Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari

va parlament tadqiqotlari instituti direktori,

yuridik fanlar doktori, professor