Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning kelib chiqish tarixi: Dominikanda qatl etilgan opa-singillar, “Yalmog‘izlar ovi”, Oq lentalar nimani anglatadi?
12:02 / 2022-12-18

Keyingi yillarda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik mavzusida juda ko‘p gapirilyapti. Uning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar olib borilyapti. Hukumat miqyosida tegishli qaror ham qabul qilindi. Shunga qaramay bu muammoning qurbonlari ortib bormoqda.

Xo‘sh, aslida zo‘ravonlikning kelib chiqish tarixi qanday? Nima uchun haligacha unga barham berish qiyin kechmoqda? Yurtimizda bu muammoni oldini olish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Husniddin Norqulov O‘zA muxbirining shu kabi savollariga javob berdi.

– Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik qachon, qanday shaklda paydo bo‘lgan?

 Insoniyat tarixida qadimgi Rimda erlarga o‘z xotinlarini o‘limga olib kelish darajasida kaltaklashga ruxsat berilgan. O‘rta asrlarda Yevropa hududida “Yalmog‘izlar ovi” davrlari, o‘z barmog‘i qalinligidagi cho‘p bilan xotinini urish, xotini eriga bo‘ysunmagani uchun uni jazolash kabi holatlar keng tarqalgan. Bunday holatlar Angliya va AQSHda XVIII asrgacha davom etgan.

1960 yilda Dominikan Respublikasida Dominikan diktatori Rafayel Truxillo buyrug‘i bilan siyosiy faol bo‘lgan uchta opa-singil vahshiylarcha o‘ldiriladi. Kanadada har yili 6 dekabr kuni 1989 yildagi Monreal qirg‘inidagi voqealar xotirasiga bag‘ishlab (14 ayol izolyatsiya qilingan va shafqatsizlarcha o‘ldirilgan) milliy xotirlash kuni va ayollarga qilinadigan zo‘ravonlikka qarshi harakat kuni nishonlanadi. Shu kuni Kanadada tungi soatlar, siyosiy munozaralar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni yo‘q qilishga qaratilgan tadbirlar o‘tkaziladi. Oq lenta ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha turlariga qarshi kurashish, onalikni saqlash va shu kabi holatlarda qo‘llaniladi.

1993 yilda Venada o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha Xalqaro konferensiya kun tartibiga xotin-qizlarning inson sifatidagi huquqlari umuminsoniy haq-huquqlarning ajralmas qismi ekanligi haqidagi masala qo‘yilgan. 1993 yilda “Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash to‘g‘risida”gi Deklaratsiya qabul qilingan.

Xalqaro miqyosda, shuningdek, milliy qonunchiligimizda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda. Shunga qaramay, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik, mehnat qilish huquqi yuzasidan nomutanosibliklar hali ham uchrab kelmoqda.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, ayollar va qizlar odam savdosi qurbonlarining 71 foizini tashkil qiladi. Ularning 4 tadan 3 nafari jinsiy ekspluatatsiya qilinadi.  Bir qator mamlakatlarda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oqibatlari saqlanib kelmoqda. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik inson huquqlarini buzish hisoblanadi va bu hodisaga to‘liq ijtimoiy rad etish va tegishli qonunchilik bazasi qarshi turishi kerak.

Jahonda 1991 yilda boshlangan Xotin-qizlarning global rahbarlik Markazi tomonidan “Gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faollik” kampaniyasi muvofiqlashtirilgan bo‘lib, har yili 25 noyabr – “Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni”dan boshlab 10 dekabr – “Inson huquqlari kuni”gacha davom etadi.

– O‘zbekistonda zo‘ravonlikning qaysi turi ko‘p o‘chraydi?

– O‘zbekistonda zo‘ravonlikning oilaviy va maishiy, ijtimoiy, ruhiy, jismoniy, jinsiy, tazyiq  va iqtisodiy turlari ko‘p uchraydi. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganligi uchun 41 ming 598 nafar xotin-qizga himoya orderlari berilgan.

Toshkent shahrida 3 ming 136 nafar, Toshkent viloyatida 6 ming 11 nafar, Samarqandda 1 ming 309 nafar, Sirdaryoda 2 ming 752, Jizzaxda 2 ming 680, Buxoroda 2 ming 873, Navoiyda 1 ming 870, Farg‘onada 2 ming 934, Andijonda 2 ming 909, Namanganda 2 ming 621, Surxondaryoda 3 ming 959, Qashqadaryoda 4 ming 118, Xorazmda 2 ming 135, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2 ming 291 nafar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderlari berildi.

Ularning 23 ming 388 tasi ruhiy zo‘ravonlik, 10 ming 812 tasi jismoniy, 429  tasi iqtisodiy, 42 tasi jinsiy zo‘ravonlik hamda 7 ming 873 ta tazyiq holatlari aniqlangani sababli rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, 26 ming 329 tasi eri tomonidan xotiniga, 1 ming 344 tasi kelini tomonidan qaynonasiga, 1 ming 728 tasi qaynona tomonidan keliniga nisbatan zo‘ravonlik holati aniqlangan. 12 ming 197 tasida boshqa holatlar sodir etilgan. Himoyaga olingan xotin-qizlardan 432 nafari voyaga yetmagan, 11 ming 280 nafari yosh (18-30 yosh) ayollarni tashkil etmoqda.

Xotin-qizlarga nisbatan qayd etilgan 11 ming 138 ta tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 9 ming 916 tasi ularning oilalarida sodir etilgan. 2 ming 379 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan. 

– Zo‘ravonlikni kamaytirish uchun yana qanday ishlarni amalga oshirish kerak, deb o‘ylaysiz?

– Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy dasturlarni va qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishni kuchaytirish zarur. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga hamda ularning bolalariga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish, ularni bepul davolash chora-tadbirlarini kuchaytirish, xotin-qizlar hayotiga yoki sog‘lig‘iga xavf soluvchi faktlar va aniqlangan sabablar to‘g‘risida xabardorlik choralarini kuchaytirish kerak.

Undan tashqari xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi tegishli vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik ishlarini kuchaytirish zarur deb bilaman.

 

O‘zA muxbiri 

Nigora Rahmonova 

suhbatlashdi.