Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayollarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka qarshi milliy mexanizm kuchaytirilmoqda
20:22 / 2025-12-10

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, BMTning aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) va Oliy Majlis Senati hamkorligida Buyuk Britaniya ko‘magi bilan xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga milliy javob qaytarish tizimini kuchaytirishga qaratilgan davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda ayniqsa, raqamli muhitda kuzatilayotgan zo‘ravonlik turlariga oid muammolarga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur davra suhbati joriy yilda mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakat” xalqaro kampaniyasining yakuniy tadbiri sifatida 10 dekabr – Inson huquqlari kuni munosabati bilan tashkil etildi. Tadbir siyosatchilar, davlat tashkilotlari va xizmat ko‘rsatuvchilar, fuqarolik jamiyati vakillari, OAV xodimlari, xalqaro hamkorlar hamda faollarni xotin-qizlarni himoya qilish borasidagi umumiy sa’y-harakatlarni mustahkamlashga chorladi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, UNFPA va Buyuk Britaniya elchixonasining vakillari so‘zga chiqib, zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni takomillashtirish, qonunchilik bazasini kuchaytirish va profilaktik choralarni oshirish borasidagi sa’y-harakatlar davom ettirilishini ta’kidladi.

Davra suhbatida milliy yo‘naltirish va idoralararo muvofiqlashtirish mexanizmlari yo‘lga qo‘yilayotgani, jabrlanuvchilar uchun inklyuziv xizmatlarning kengayib borayotgani qayd etildi. Senat va UNFPA ekspertlari tomonidan tayyorlangan raqamli zo‘ravonlik bo‘yicha huquqiy tahlil natijalari muhokama qilinib, raqamli maydonda tartibga solish va hisobdorlikni kuchaytirish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.

[gallery-26675]

Tadbirning muhim voqealaridan biri — UNFPAning global “BodyRight” kampaniyasining O‘zbekistonda rasmiy ishga tushirilishi bo‘ldi. Loyiha har bir xotin-qizning onlayn zo‘ravonlikdan himoyalanish huquqini targ‘ib qilishga qaratilgan.

— Raqamli texnologiyalar hayotimizga chuqur kirib kelgani sayin zo‘ravonlikning yangi, ko‘zga ko‘rinmas turlari ham ortib bormoqda, –  deydi UNFPA eksperti Nozima Malikova. – Onlayn-taqib, shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish, intim tasvirlardan shantaj sifatida foydalanish kabi holatlar jamiyatda jiddiy oqibatlarga olib kelmoqda. Ayniqsa, yoshlar, faollar va jurnalistlar ko‘proq tahdidga uchramoqda. Shu bois, O‘zbekistonda raqamli zo‘ravonlikka qarshi milliy javob mexanizmini kuchaytirish dolzarb vazifaga aylandi.

“BodyRight” – UNFPAning global tashabbusi bo‘lib, inson tanasiga oid ma’lumotlar va tasvirlar fuqaroning o‘z roziligisiz tarqatilishiga qarshi kurashishni targ‘ib qiladi. Kampaniya raqamli rozilik madaniyatini shakllantirish, yoshlar va jamoatchilikda onlayn xavfsizlik bo‘yicha xabardorlikni oshirishga qaratilgan.

Darhaqiqat, raqamli zo‘ravonlik butun jamiyatning muammosidir. Agarda kimdir onlayn zo‘ravonlikka duch kelsa, o‘zi yolg‘iz emasligini bilishi lozim. Mavjud xizmatlar bor, qonunchilik asosida himoya choralari ko‘riladi. Eng muhimi — sukut saqlamaslik va yordam so‘rashdan qo‘rqmaslik kerak.

Shahnoza Mamaturopova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA