Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayollarga hurmat – xalqimizga xos yuksak qadriyat
14:16 / 2023-03-08

Nukusda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayollarga hurmat – xalqimizga xos yuksak qadriyat” mavzusida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlaridan kelgan nuroniy onaxonlar, jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan xotin-qizlar, turli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev so‘zga chiqib, xotin-qizlarni bayram bilan muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarga hurmat ko‘rsatish,  ularni har tomonloma qo‘llab-quvvatlash,  ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.  Ayniqsa, so‘nggi yillari davlatimiz rahbarining g‘amxo‘rligi bilan gender tenglikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, “Ayollar daftari” yo‘lga qo‘yilganligi, xotin-qizlar bilan ishlashda “Mahallabay” tizimining joriy etilganligi, tadbirkor xotin-qizlar uchun imtiyozli kreditlarning berilayotgani, oliy o‘quv yurtlarida qizlar uchun qo‘shimcha kvotalar ajratilayotgani, bir qator mezonlar bo‘yicha shartnoma pullarining to‘lab berilayotganligi, yordamga muhtoj xotin-qizlarning uy-joylar bilan ta’minlanishi – bularning barchasi ayollarimizning hamisha e’tiborda ekanligining amaldagi ifodasidir.  

[gallery-10889]

Prezidentimiz tashabbusi bilan Orolbo‘yidagi 970 nafardan ziyod xotin-qiz uy-joy bilan ta’minlanib, 21 ming 800 nafardan ziyod xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun qariyb 475 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan 5 ming 500 nafar qizga 42,7 milliard so‘mlik shartnoma pulini to‘lash uchun  7 yil muddatga foizsiz kredit mablag‘i ajratilib, magistraturada tahsil olayotgan 900 nafarga yaqin qizning shartnoma pullari to‘lab berildi.

Prezidentimizning joriy yil 6 martdagi “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida” gi farmoniga muvofiq, yurtimizda olib borilayotgan tub islohotlarda faol qatnashib, yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida tashabbus va namuna ko‘rsatib kelayotgani uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 6 nafar xotin-qiz orden va medallarga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining qarori asosida Qoraqalpoq davlat universitetining 3-bosqich talabasi Hurliman Niyetbayeva hamda Amudaryo tumanidagi 35-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Barno Samandarova  o‘zlarining iqtidori va namunali faoliyati bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelayotgani, ijtimoiy hayotda faollik ko‘rsatayotgani uchun “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Tantanali tadbirda bir guruh fidoyi xotin-qizlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining maxsus qarori bilan faxriy unvon, ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, davlat va jamiyat hayotidagi faolligi, samarali mehnati uchun bir guruh xotin-qizlarga “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni topshirildi.

–Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda Orolbo‘yi aholisini, shu jumladan, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish, bandligini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali direktori, “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni sohibasi Orazgul Yembergenova. – Bunday g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun Prezidentimizga minnatdorchilik bildiramiz.

Tantanali tadbir konsert dasturi bilan yakunlandi.

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA