English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayollarga ehtirom — yurtga bo‘lgan muhabbat
18:40 / 2026-03-07

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni go‘zal va betakror yurtimizga bahor nafasi kirib kelganidan darak beradi. Binobarin, ushbu sanada ayollarga ehtirom ko‘rsatishdek ezgu an’ana yil sayin takomillashib bormoqda.

Namanganda O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasining viloyat bo‘limlari tashabbusi bilan mohi Ramazonga hamohang ravishda nishonlanayotgan bahorning ilk bayrami munosabati bilan xayrli tadbirlar tashkil etildi.
Jumladan, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida joylashgan nuroniylar dam olish maskanida yurt ravnaqi yo‘lida o‘chmas iz qoldirgan, oilasida namunali farzandlarni tarbiya qilgan muhtarama onaxonlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi. 
Tadbirda Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov yig‘ilganlarni Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabriklab, Yangi O‘zbekistonda ayollar hamisha ardog‘u e’tibor markazida ekanligini ta’kidladi.

Keksalar duoga qo‘l ochib, jonajon mamlakatimizda tinchlik-barqarorlik hamisha bardavom, xalqimiz doimo farovon bo‘lishini tilashdi. Bir qator faxriy nuroniy ayollarga viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi tomonidan yuborilgan qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

Namangan shahar hokimligi bilan hamkorlikda viloyat markazida istiqomat qilib kelayotgan bir qator fidoyi mahalla faollari bo‘lgan munis ayollar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Namangan shahri hokimi Ayubxon Kamolov tadbir ishtirokchilarini nafosat bayrami bilan samimiy tabriklab, ezgu tilaklarini bildirdi. Dilbar opa-singillarimizga “Mahalla” fondining tuhfalari ulashildi.

Shuningdek, viloyat Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi Ikromxon Najmiddinov, “Mahalla” fondi viloyat bo‘limi raisi Ahmadjon Mukarramov ishtirokida “Namangan” teleradiokanali davlat muassasasi tizimida faoliyat yuritib kelayotgan ayol-qizlarga e’tibor qaratilib, ular munosib taqdirlandilar. 

Tadbirda alohida e’tirof etilganidek, ayol azaldan mehr-shafqat va sadoqat timsolidir. Inson, oila, ayol tushunchalarini bir-biridan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Ham oila, ham jamiyatni birlashtirib, unga fayz-baraka kiritadigan, xonadonlarni mehru muhabbat, nafosat, ezgulik nuri bilan munavvar qiladigan zotlar ham aslida mo‘’tabar onalar va munis opa-singillarimiz. Zotan, ulug‘ donishmandlar Vatanga eng munosib  ta’rif izlaganda, uni ona siymosiga qiyoslashganida katta ma’no mujassam.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA