Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayollar va qizlarga nisbatan qilingan zo‘ravonliklar uchun jazo kuchaytirilmoqda
13:02 / 2023-04-06

Xotin-qizlar hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan turli xil zo‘ravonlik holatlariga nisbatan qat’iy jazo choralarini belgilash shunday salbiy holatlarning oldini olishga zamin yaratadi.

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.  

Senat Raisi Tanzila Norboyeva bu borada fikr bildirib, bolalar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik masalasining bugun qanchalik dolzarb ekanligini ortiqcha izohlash, asoslashga hojat yo‘q, deb ta’kidladi. Shunday bo‘lsa-da, olib borilgan keng ko‘lamli tahlilning ayrim ma’lumotlariga e’tiboringizni qaratmoqchiman. 2021-2022 yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ayollar va qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 72 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning qariyb 61 mingdan ko‘pi yoki qariyb 85 foizi oilada sodir etilgan.  

– Biroq, afsuski, shu kungacha O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlik bo‘yicha javobgarlikka tortuvchi alohida norma bo‘lmagan, – dedi Senat Raisi. – Yoki xotin-qizlar va bolalarga nisbatan yon-atrofimizda ro‘y berayotgan mudhish va jirkanch jinoyatlarni olaylik. 2020 yilda 156, 2021 yil 243 ta nomusga tegish jinoyati sodir qilingan. Yangihayot tumanida 12 yoshli qizning zo‘rlanishi va o‘ldirilishi, Xorazmdagi bolalar uyi, Sergeli tumanida ona 3 nafar farzandi bilan birga yuqori qavatdan sakrashi... Bular har birimizga ta’sir qildi. Ko‘zimizni ochishga, bunday muammolarga e’tiborimizni qaratishga majbur qiladi. Qonunchilik nuqtai nazaridan aynan shu yo‘nalishda qat’iy javobgarlik belgilanayotgani juda muhim va bu qonun  ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.  

Qonun bilan “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik”, ya’ni xotiniga yoki eriga, sobiq xotiniga yoxud sobiq eriga, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik uchun tegishincha ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.  

Endilikda jinsiy zo‘ravonlik, shu jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi belgilanib, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og‘irlashtirilmoqda.  

Bundan tashqari, xotin-qizlarga nisbatan shahvoniy mazmundagi harakatlar sodir etganlik, ta’qib etganlik hamda ota-ona o‘z voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash borasidagi majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.  

Qonunchilikka kiritilayotgan asosiy o‘zgartirishlardan yana biri shundaki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra nomusga tegish hamda jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish kabi jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda jabrlanuvchining yoshi aybdorga ayon bo‘lishi asosiy mezonlardan biri bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ushbu qoida bekor qilinmoqda. Ya’ni aybdorning jabrlanuvchi yoshini bilmasligi uni Jinoyat kodeksi moddalarining tegishli qismlarida nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod qilmaydi.  

Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berish, shuningdek bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishini taqiqlash hamda bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ro‘yxatini yuritish ko‘zda tutilmoqda.  

Norgul Abduraimova, O‘zA