Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi qat’iy kurashamiz
12:34 / 2026-01-16

Prezidentimizning 2025 yil 26 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida mamlakatimiz taraqqiyotining muhim yo‘nalishlari bo‘yicha  qator tashabbus va takliflari ilgari surildi.

Murojaatda davlatimiz rahbari xotin-qizlarni ulug‘lash, ularning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, turli tazyiq va zo‘ravonliklardan asrash masalasiga alohida to‘xtaldi. 

Jumladan, Prezidentimizning: “Xotin-qizlarning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, farzandlarimizni himoya qilish – qadim-qadimdan erkaklar uchun sha’n va g‘urur masalasi bo‘lib kelgan. Lekin jamiyatimizda ayollar va bolalarning turli zo‘ravonliklarga uchrayotgani buyuk tarix, yuksak ma’naviyat va ma’rifatga ega bo‘lgan, oilani muqaddas deb biladigan xalqimizga aslo yarashmaydi. So‘nggi ikki yilda ayollar va bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 2 mingdan ziyod jinoyat aniqlangan. Hech qachon unutmaylik, oilaviy zo‘ravonlik bu faqat oilaning ichki ishi emas, bu butun jamiyatga tegishli masala. Ayolni o‘z muammosi bilan yolg‘iz tashlab qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘q!”, degan so‘zlari yurtimizda yashayotgan har bir ayol qalbini to‘lqinlantirdi. Chunki, davlatimiz rahbarining oila va jamiyatning ustuni bo‘lgan ayollarni qadrlash, ularni o‘z muammolari girdobiga tashlab qo‘ymaslik haqida fikrlarida xotin-qizlarga qaratilgan alohida e’tibor o‘z aksini topgan. 

Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining turli soha va tarmoqlarida mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilarning salmoqli qismini xotin-qizlar tashkil etishi, yuzlab opa-singillarimiz davlatimizning faxriy unvonlari, orden va medallariga sazovor bo‘layotganliklari, yurtimizda ayollarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning namunasidir. 

Prezidentimizning 2024 yil 10 maydagi “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2025 yil 3 yanvardagi 2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida ayollarimizning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish, turli tazyiq va zo‘ravonliklardan asrash, ularga zarur yordamlar ko‘rsatishga qaratilgan ishlar olib borilmoqda. 

Jumladan, Andijon viloyatida o‘tgan 2025 yilda oilaviy tazyiq va boshqa sabablar tufayli qiyin ahvolga tushib qolgan 8 ming 389 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi, zarur yordamlar ko‘rsatildi. Shuningdek, ajrashish arafasida turgan 3 ming 297 oila yarashtirildi, 3 ming 897 ta oiladagi nizolar bartaraf etildi. Ishonch bilan ayta olamanki, bu boradagi ishlar joriy yilda ham izchil davom ettiriladi.

 Muxtasar aytganda, Murojaatda davlatimiz rahbarining ayollar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga qaratgan e’tibori bizni quvontirib, kuch-shijoat bag‘ishlaydi. Shu bilan birga, zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Kelgusi faoliyatimizda ayollar va bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik holatlarini butunlay bartaraf etish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz. 

  Feruzaxon Rustamova, 

Andijon viloyati hokimining

 xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi.

O‘zA