Prezidentimizning «Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Odil sudlov akademiyasi professori, yuridik fanlar doktori Foziljon Otaxonov farmonning muhim jihatlari haqida gapirib berdi:
– Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash va uning qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan.
Mazkur hujjat xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlikka qarshi kurashishda murosasiz muhitni shakllantirish va sud himoyasining mutlaqo yangi, samarali mexanizmini yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Avvalo, erta nikoh va nikoh yoshiga oid qonunchilik buzilishlarining oldini olishga qaratilgan yangi mexanizmlar sudlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, voyaga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish, shuningdek, bunday holatlar haqida xabar bermaslik bilan bog‘liq ma’muriy ishlar sudlar tomonidan puxta, xolis va tezkor ko‘rib chiqilishi talab etiladi.
Bunda, bolaning eng yaxshi manfaatlari tamoyili ustuvor ahamiyat kasb etishi shart. Sud amaliyotida mazkur tamoyilni chuqur va mazmunli qo‘llash voyaga yetmaganlarning huquqlarini real himoya qilishning asosiy kafolatiga aylanishi lozim.
Farmonga muvofiq, Jinoyat kodeksining jinsiy erkinlikka qarshi qator moddalari bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergovni faqat prokuratura organlari amalga oshirishi belgilandi. Bu protsessual vakolatlarni markazlashtirish orqali dalillarni yig‘ish va baholash sifatini oshirish, jinoyatlarning latentligini kamaytirish hamda jabrlanuvchilarni samarali himoya qilishga xizmat qiladi.
Sudlar esa bunday toifadagi ishlar bo‘yicha adolatli sud muhokamasi, shaxsiy hayot daxlsizligi va ikkilamchi jabrlanishning oldini olish kabi yuqori standartlarga amal qilishi shart bo‘ladi.
Alohida ta’kidlash joizki, 2027-yildan boshlab ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar, qoida tariqasida, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan sudyalar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Bu ixtisoslashuv sud qarorlarining sifatini oshirish, gender sezgirlik va bolalar psixologiyasiga oid bilimlarni amaliyotga joriy etish imkonini beradi.
Bu borada Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi hamda Odil sudlov akademiyasi zimmasiga katta vazifalar yuklanadi. Sudyalarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash, malaka oshirish dasturlarini yangilash va maxsus kompetensiyani shakllantirish bu islohotning amaliy natijasini belgilab beradi.
Farmonda nazarda tutilgan jazoni og‘irlashtirish, ayrim toifadagi mahkumlarga nisbatan yengillashtirish tartiblarini cheklash, shuningdek, ruhiy holatiga doir shubha bo‘lgan shaxslarni majburiy ambulator psixiatr ko‘rigidan o‘tkazish kabi normalar sudlardan yanada puxta huquqiy yondashuvni talab qiladi.
Bunda, aybsizlik prezumpsiyasi, jazoni individuallashtirish va inson huquqlarini himoya qilish tamoyillari o‘rtasida muvozanat saqlanishi alohida ahamiyat kasb etadi. Har bir sud hujjati chuqur asoslantirilgan va qonuniy bo‘lishi zarur.
Shu bilan birga, ma’muriy ishni sudga yuborishdan oldin prokuror tomonidan jinoyat alomatlari mavjud emasligi haqida qaror qabul qilinishi tartibining joriy etilishi protsessual filtr vazifasini bajaradi. Bu sudlarga asossiz materiallar kelib tushishining oldini olish, ishlarning sifatli va samarali ko‘rib chiqilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Farmon sud hokimiyatining profilaktik va ma’rifiy rolini ham kuchaytiradi. Sudyalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faxriylarining ta’lim muassasalarida yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi, jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot ishlarida ishtirok etishi sud tizimining ochiqligi va jamoatchilik bilan muloqotini yangi bosqichga olib chiqadi.
Umuman olganda, mazkur farmon sudlarni faqat nizoni hal qiluvchi organ emas, balki ayollar va bolalar huquqlarining ishonchli himoyachisi, ijtimoiy adolat va huquqiy madaniyatni ta’minlovchi institut sifatida yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Bu hujjat sud-huquq tizimida ixtisoslashuvni kuchaytirish, protsessual standartlarni oshirish va inson huquqlarini ta’minlash borasidagi islohotlarning izchil davomi sifatida tarixiy ahamiyat kasb etadi.
N.Abduraimova, O‘zA