Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayollar va biznes: peshqadamlik va tadbirkorlik
15:21 / 2022-03-10

“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi hamda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida “Ayollar va biznes: peshqadamlik va tadbirkorlik” deb nomlangan lider ayollar forumi o‘tkazildi.

Forumda davlat va jamoat tashkilotlari, AQSH elchixonasi, ekspertlar, assotsiatsiyaning xududiy bo‘limlari rahbarlari, tadbirkor va ishbilarmon ayollar, OAV vakillari ishtirok etdi. 

– Davlatimiz rahbari tomonidan ayollarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari, emin-erkin harakat qilishlari uchun juda katta imkoniyatlar yaratilyapti, – deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi Gulnora Mahmudova. – Katta-katta mablag‘lar ajratilyapti. Mana shunday imtiyozlar albatta ayollarimizni zimmasiga mas’uliyat yuklaydi. Aynan shuning uchun biz mahallalarda ayollarimiz bilan ishlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga kengroq jalb qilish maqsadidagi ishlarimizni yanayam yuqori bosqichga olib chiqish niyatidamiz. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda assotsiatsiya qoshida 70 dan ortiq jamoat tashkilotlari va nodavlat ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatib turibdi. Forumga respublikamizning chekka-chekka xududlaridan lider ayollarimiz kelishgan. Biz ular bilan yil davomida qiladigan ishlarimizni maslahatlashib olish niyatidamiz. 

[gallery-6080]
– Ayollar tadbirkorlik faoliyatini olib borishda katta mas’uliyat bilan yondoshadi, – deydi AQSHning O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Pol Politis. – Ikki mamlakat ayollarining bir-birlaridan o‘rganadigan jihatlari juda ko‘p. Eng asosiysi, O‘zbekistonda xotin-qizlarga tadbirkorlik  faoliyatini olib borishlari uchun imkoniyat yaratish muhim.  

Germaniyaning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha jamg‘arma eksperti va hududiy vakili Matias Vangler bugungi kun tadbirkor ayoli eng avvalo samimiylik, ochiqlik, kommunikatsiya, o‘z ishiga jasorat, innovatsiya, qaror qabul qila olish, mas’uliyatni faqat o‘z zimmasiga emas, xodimlar zimmasiga ham yuklay olish, faqat o‘zini emas, mamlakat manfaatini ham o‘ylashi zarurligi haqida fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi. 

– Bu fazilatlar ko‘pchilik tadbirkorlarda bo‘lmasligi mumkin, – deya ta’kidladi Matias Vangler. – Ammo bularni o‘rgansa bo‘ladi. Shundagina tadbirkor ayolning imkoniyatlari kengayadi. 

Shuningdek, forum ishtirokchilariga AQSH elchixonasining kichik grantlar dasturi ko‘magida amalga oshirilayotgan navbatdagi loyiha – “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining 64 ta mintaqaviy filiallarida iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish” loyihasi yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Loyiha doirasida Andijon, Buxoro va Samarqand viloyatlarida peshqadam ayollar uchun 5 kunlik mintaqaviy o‘quv-seminarlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. 

– Bunday tadbirlar ish faoliyatim rivojlanishi, tajribalarim ortishida katta yordam beradi,  – deydi surxondaryolik tadbirkor Matluba Omonova. – “Umidaxonim shirinliklari” ma’suliyati cheklangan jamiyat rahbariman. 2016 yilda oddiy uy sharoitida ikki nafar ayol bilan o‘z faoliyatimni boshlagan bo‘lsam, hozirgi kunga kelib korxonamda 100 dan ortiq ishchilar bor. O‘zim uy bekasiman, ammo mahsulotlarimni bozorgir va sifatli qilib chiqarish uchun tinim bilmay o‘z ustimda ishlayman. Hozir bozorda raqobat juda katta. Chunki tadbirkorlar ko‘p. Imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik uchun har doim korxonamdagi ish sifatini nazorat qilaman. Shirinliklarga solinayotgan mahsulotlarni hidiga qarab bilib olaman. Xalqimizning dasturxonini yangi va mazali pishiriqlar bilan boyitayotganimdan xursandman. 

bugungi kunda “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasining 68 ta hududiy bo‘limlari 17 ming nafarga yaqin a’zolarni birlashtirib, ularda 200 nafardan ortiq mutaxassislar jamoatchilik asosida faoliyat yuritmoqdalar. Hududiy bo‘limlarni tajribali, kuchli salohiyatga ega bo‘lgan ishbilarmon, yetuk rahbar ayollar boshqarib kelmoqda. 

Forum doirasida kelgusida xududlarda tadbirkor ayollar bilan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ishlar xususida ham fikr va mulohazalar almashildi. 


Nigora Rahmonova, O‘zA