Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan izchil siyosat natijasida kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratilib, mehnat bozorini isloh qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash, odamlarning turmush sharoitini yaxshilash borasida salmoqli ishlar qilinmoqda.
Ayniqsa, mazkur jarayonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash ustuvorlik kasb etmoqda. Namanganda Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan Prezidentimizning 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida, viloyatdagi faol tadbirkor va tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan kam ta’minlangan, imkoniyati cheklangan tashabbuskor 300ga yaqin xotin-qizlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari Nodira Shotursunova yurtimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, bunda tadbirkor ayollar, imkoniyati cheklangan aholi qatlamini yanada rag‘batlantirishga doir qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlar mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi.

Bugungi kunda Namangan viloyatida 30 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa, shundan besh mingdan ortig‘i xotin-qizlar tomonidan tashkil etilgan. Ular tomonidan aholi bandligini ta’minlash maqsadida 40 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratildi. Muloqot davomida ishtirokchilar tomonidan ko‘tarilgan yigirmadan ziyod masalaning 12 tasi shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi.

E’tiborlisi, yuzma-yuz muloqot qatnashchilaridan yigirma nafari kasb-hunarga tayyorlash orqali ishga qabul qilinib, tadbirkorlik qilish istagidagi olti nafar ayol-qizga saxovatpesha tadbirkorlar tomonidan asbob-uskunalar va tikuv mashinalari taqdim etildi.
Jumladan, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Dilrabo SDA” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Masudaxon Sodiqova tomonidan “Ijtimoiy himoya” reyestrida turuvchi ayolga chevarchilikni boshlash uchun tikuv dastgohi sovg‘a qilingan bo‘lsa, Namangan tumanidagi “Jayron trans” xususiy korxonasi rahbari Gulchehra Ermatova ham qandolatchilik yo‘nalishida biznes yuritmoqchi bo‘lgan ehtiyojmand yolg‘iz ona Xurshida G‘oziyevaga ikki dona pech berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA