Ayniqsa, so‘nggi yillarda Prezidentimizning g‘amxo‘rligi bilan yurtimizda gender tenglikka alohida e’tibor qaratilayotgani, “Ayollar daftari” yo‘lga qo‘yilgani, xotin-qizlar bilan ishlashda “Mahallabay” tizimi joriy qilingani, tadbirkor ayollar uchun imtiyozli kreditlar, oliy o‘quv yurtlarida qizlar uchun qo‘shimcha kvotalar ajratilishi, magistraturaga o‘qishga kirganlarning kontrakt pullari byudjetdan qoplab berilayotgani, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarning uy-joylar bilan ta’minlanishi –-bularning barchasi xotin-qizlarning doimo e’tibor markazida ekanini yana bir bor isbotlaydi.
Albatta, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni Qoraqalpog‘iston misolida aytadigan bo‘lsak, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan so‘nggi 3 yil ichida 1 ming 400 nafardan ziyod xotin-qizning uy-joy bilan ta’minlangani, “Ayollar daftari” doirasida 193 ming nafardan ortiq xotin-qizga 292 milliard so‘mlik amaliy yordam ko‘rsatilgani, ijtimoiy himoyaga muhtoj 450 nafardan ortiq talaba-qizning 3 yarim milliard so‘mdan ortiq shartnoma puli to‘lab berilganin alohida ta’kidlash lozim.
Shuningdek, joriy yilda oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan 14 ming nafardan ortiq xotin-qizga 128 milliard so‘mlik shartnoma pulini to‘lashi uchun 7 yil muddatga foizsiz kredit ajratilgani, 100 nafardan ortiq xotin-qiz davlat granti asosida va 5 yillik stajga ega 30 nafardan ortiq xotin-qiz shartnoma asosida oliy o‘quv yurtlariga imtiyozlar bilan qabul qilingani, joriy yil boshidan buyon 10 ming 600 ga yaqin loyihaga imtiyozli kredit ajratish orqali jami 21 ming nafardan ziyod xotin-qiz ish bilan ta’minlangani, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 25 ming nafarga yaqin xotin-qizga 964 milliard so‘mlik imtiyozli kredit ajratilgani – bularning barchasi xotin-qizlarga bo‘lgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi hisoblanadi.
Prezidentimizning bevosita qo‘llab-quvvatlashi bilan Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bir qator soliq turlari, ya’ni foyda solig‘i, aylanma soliq, yer va mol-mulk solig‘i stavkalari 50 foizgacha kamaytirildi.
Yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalari uzoq muddatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara huquqi bilan, shuningdek, Qoraqalpog‘istonda joylashgan sanoat korxonalariga elektr energiyasidan foydalanishda 15 foiz chegirma berilmoqda.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining joriy yil 14 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan kichik va yoshlar sanoat zonalarida majburiyatlarini to‘liq bajargan tadbirkorlarga belgilangan muddatidan oldin bino-inshootlarni xususiylashtirib olish huquqi berilmoqda. Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish uchun auksionda yutib chiqqan summani bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.
Albatta, mazkur konferensiya Prezidentimizning alohida e’tibori bilan Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlarga yaratilayotgan beqiyos imkoniyatlarni yanada keng targ‘ib qilishda, shuningdek, Qoraqalpog‘istonda o‘z biznesini boshlab, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni xohlovchi xotin-qizlar sonini yanada oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Shuni alohida ta’kidlash kerak “Qoraqalpog‘istonda biznes yuriting” degan tashabbusi bugun nafaqat mahalliy, balki, xorijiy tadbirkorlar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
[gallery-26509]
Konferensiya doirasida o‘tkazilgan yalpi majlisda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida Qoraqalpog‘iston tajribasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga berilgan soliq imtiyozlari, ushbu imtiyozlardan foydalanish orqali xotin-qizlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatish va munosib daromad manbaiga ega bo‘lishlariga ko‘maklashish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’ruzalar tinglandi.
Tadbir ishtirokchilari Xo‘jayli tumani “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Cake Bumer” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Moxira Mamutova tomonidan migratsiyadan qaytgan xotin-qizlarni bandligini ta’minlash bo‘yicha tajribasi va “Cake Bumer” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan qandolat mahsulotlarini tayyorlash jarayoni,“Samanqo‘l” mahallasidagi “Oila va xotin-qizlar maskani”, “Tasko‘pir” mahallasidagi “Lider Group” korxonasi, Taxiatosh tumanidagi “Surxon Taxiatosh Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Qushchilik” mahallasida issiqxona yo‘nalishida tadbirkorlik qilayotgan xotin-qizlar faoliyati bilan tanishishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari