Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayollar tadbirkorligi qo‘llab-quvvatlanmoqda
10:54 / 2024-06-14

Poytaxtimizda Ipoteka-bank, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda «Tadbirkor ayol» xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda «Ayollar tadbirkorligida raqamlashtirish va rivojlanish istiqbollari» mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda «Ipoteka-bank» ATIBda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy faolligini oshirish, ayollarni tadbirkorlikka jalb qilish orqali moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.    

Xususan, O‘zbekistonda ilk bor Ipoteka-bank va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda «Markaziy Osiyoda biznesdagi ayollar» dasturi doirasida 10 million AQSH dollarlik kredit kelishuvi imzolanib, uning asosida 106 ta ayol tadbirkorlarning loyihalari moliyalashtirildi.

Hozirda bank filiallari 50 mingdan ortiq kichik biznes sub’ektlariga xizmat ko‘rsatmoqda. Shundan 13 mingdan ortig‘ini tadbirkor ayollar tashkil etadi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 254 ta ayolga barcha moliyalash manbalari hisobidan 80,2 milliard so‘mlik kreditlar ajratilishi hisobiga 114 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.  

Seminarda mintaqamizda xotin-qizlarning iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish sohasini moliyalashtirish masalasi har qachongidan ham dolzarbligi, ularning loyihalarini amalga oshirish, o‘z yo‘nalishida raqamlashtirishga o‘tkazish va jahonga chiqish imkoniyatlarini ko‘paytirishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etilishida bu kabi loyihalarning o‘rni beqiyosligi ta’kidlandi.    

Shuningdek, tadbirda «Ipoteka-bank» ATIB Kichik va o‘rta biznes direksiyasi direktori Bekzod Mirzayev so‘zga chiqib, ayol tadbirkorlarning biznes loyihalari doimo bank tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, aynan shu yo‘nalishda yangi xizmat va mahsulotlar yaratilishiga xizmat qilishiga to‘xtaldi. Joriy yilda Ipoteka-bank va YeTTB bilan hamkorlikdagi kelishuvga asosan 3 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar aynan tadbirkorlikni raqamlashtirishga yo‘naltirilishini aytib o‘tdi.    

Tadbir davomida tashkilotlardan taklif etilgan mas’ullar, tajribali ishbilarmon ayollar ishtirokida qiziqarli chiqishlar, tadbirkorlikni raqamlashtirish orqali jahon bozorlarida o‘z o‘rniga ega bo‘lish imkoniyatlari, shuningdek, ayol tadbirkorlik faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan «Anor» onlayn platformasi va Ipoteka-bank tomonidan ayol tadbirkorlar uchun taqdim etilayotgan bank mahsulotlari haqida ma’lumotlar berildi.    

Qayd etilganidek, yaqin kunlarda Ipoteka-bank Xalqaro Moliya korporatsiyasi o‘rtasida 20 million AQSH dollari miqdoridagi kelishuv imzolanishi va mablag‘larning 25 foizi aynan ayollar tadbirkorligini moliyalashtirishga qaratilishi belgilangan.  

Seminarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi bo‘lgan ayollarga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish, loyiha biznes-rejasini tayyorlash, buxgalteriya hisobini yuritish, faoliyatida savdo unumdorligini oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish va raqamlashtirish kabi mavzularda tajribali ayol tadbirkorlardan maslahatlar olindi.    

Shuningdek, qatnashchilarda o‘z sohasida kuzatilayotgan kamchiliklarni to‘g‘ri bartaraf etish yo‘llari yuzasidan zamonaviy ayol tadbirkorlar bilan yuzma-yuz suhbatlashish imkoni ham bo‘ldi.    

Tadbir davomida Ipoteka-bank tomonidan ayol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha taqdim etilayotgan bank mahsulotlari va xizmatlari haqida ma’lumotlar berilib, fikr almashildi.    

Tadbir yakunida ishtirokchilar seminar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Mazkur seminar jamiyatimizdagi ko‘plab xotin-qizlarimizning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi va yanada rivojlantirishi orqali hayoti yanada yaxshilanishiga, shuningdek, oila iqtisodining barqarorligiga xizmat qilishini ta’kidladi.    

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA