So‘nggi yillarda ayollar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish orqali salomatligini mustahkamlash, qizlarimizni ma’naviy-axloqiy kamolotga yo‘naltirish, jamiyatda, oilada o‘z o‘rnini topish va sog‘lom avlodni tarbiyalash, oilada sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan “Xotin-qizlarni e’zozlash haftaligi” doirasida va 8-mart Xalqaro Xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Sport – salomatlik va go‘zallik manbai” shiori ostida sportning 7 turi, jumladan, voleybol, basketbol, stol tennisi, yengil atletika, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi. Sport tadbiri negizida ishtirokchilarni sog‘lomlashtirish ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, hududlardan jalb etilgan ishtirokchilar orasida sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilarning ham ko‘pligi musobaqalarda yaqqol ko‘zga tashlandi.
–Viloyatimizdagi xotin-qizlarni oila va jamiyatda faol bo‘lishlarida sportning ham o‘rni katta, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Nargiza Tojiboyeva. – Chunki sport bilan muntazam shug‘ullanish insonni chiniqtiradi. Ayniqsa, ayollar salomatliklarini mustahkamlash maqsadida turli xil sport bellashuvlarini o‘tkazish an’anaga aylangan.
Sport turlari bo‘yicha bellashuvlarning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Guliston tumani g‘olib deb topildi va I-darajali diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, har bir ishtirokchi tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Mazkur sport tadbirida tuman va shahar saralash bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 110 nafar xotin-qizlar ishtirok etdi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA