Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayollar salohiyati va inson kapitalidan to‘liq foydalanishga qaratilgan 100 dan ortiq loyiha amalga oshirilgan
15:24 / 2023-02-28

Poytaxtimizda "Tadbirkor ayol" O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tashabbusi bilan "Fermer ayollar: raqamlashtirish va yangi texnologiyalar – muvaffaqiyat omili" mavzusida IV an’anaviy forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 100 dan ziyod fermer ayollar ishtirok etdi.

Forumda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport salohiyatini oshirish, mahsulotlar logistikasi va eksportini tashkil etishning yangi imkoniyatlari, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning samarali lizing yechimlari, fermer ayollar faoliyatidagi muammolar, ularni raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar yordamida hal etish kabi masalalar keng muhokama qilindi.  

– Aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, bozorlarimiz to‘kinligi, narxlarning barqarorligini ta’minlashda dehqon va fermerlarimizning hissasi katta, – deydi "Tadbirkor ayol" O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi rahbari Gulnora Mahmudova. – Ayni paytda minglab ayollar o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yib, yurtimiz iqtisodiyotiga munosib ulush qo‘shmoqda. Fermer va dehqonlar o‘zi yetishtirgan g‘alla va paxta hosilini erkin narxda sotishi, mahsulotlarni yetishtirishdan tortib to eksportigacha, bozorini topishgacha bo‘lgan jarayonlarda bemalol ishtirok eta olishi mumkin. O‘z navbatida, xotin-qizlar boshqarayotgan kichik korxonalarni rivojlantirish, qishloq joylarda kasanachilik va yangi ish o‘rinlarini yaratishga doir loyihalar ham davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.  

Shuningdek, assotsiatsiya Jahon banki ishtirokida "O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilik sohasini rivojlantirish" loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Loyiha qishloq joylarda meva-sabzavotchilik sohasida o‘z biznesini tashkil etish va yuritish uchun zarur bo‘lgan yangi bilim, ko‘nikma va malakaga ega ayollarni tayyorlash, fermerlarning o‘z biznesini samarali boshqarish sohasidagi kasbiy mahoratini oshirishga qaratildi. Treninglarda 500 dan ortiq qishloq ayollari tadbirkorlik asoslari bo‘yicha o‘qitildi, 300 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.  

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, bugungacha xalqaro assotsiatsiya 17 ming tadbirkor ayolni birlashtirgan. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirishda 69 hududiy bo‘linma o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. 200 ga yaqin professional trener tadbirkorlik asoslari bo‘yicha o‘quv kurslarida faoliyat yuritmoqda.  

Assotsiatsiya tomonidan mamlakatimizning qishloq va shaharlarida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, gender tengligiga erishish, yangi ish o‘rinlari yaratish, iqtisodiyotda ayollar salohiyati va inson kapitalidan to‘liq foydalanishga qaratilgan 100 dan ortiq  loyihalar amalga oshirilgan. Hamkor tashkilotlar bilan «Ta’lim fondi» tashkil etilib, uning mablag‘lari hisobiga 7 viloyatda «Mas’uliyatli moliya va qishloqning barqaror rivojlanishi» loyihasi amaliyotga tatbiq etilgan.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA