French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayollar, qochsangiz o‘lim emas, hayot tomon qoching!
17:05 / 2022-03-14

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayollarga nisbatan zo‘ravonliklar asosan sifatsiz ta’lim sabab iqtisodiy yetishmovchilik tufayli yuzaga keladi.

Dunyodagi davlatlarning kam qismi ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasidagi qonunlarni qabul qilgan. Bu borada O‘zbekiston «Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi va «Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlarni qabul qilgan sanoqli davlatlar qatoriga kiradi.

Bu qonunlar davlat va boshqa tegishli tashkilotlarni ayollar zo‘ravonligiga qarshi kurashish va ularga barham berishga chaqiradi. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va reproduktiv yoshidagi ayollar o‘limi hamda ularning mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolishining muhim sabablari ko‘rsatib berildi.

Zo‘ravonlikning har qanday turi inson huquqlariga qarshi jinoyatdir va bu holatni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan taqdim etilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, xotin-qizlar orasida aynan saratonga chalinish, bezgak, yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rish, avtotransport hodisalari eng ko‘p uchraydi.

Mamlakatimizda tazyiqqa uchragan ayollarga yordam berish, muammolariga yechim topish maqsadida zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan ayollar uchun reabilitatsiya va moslashtirish markazlari tashkil qilingan. Zo‘ravonlikka duch kelgan ayollar uchun 1046-raqamli ishonch telefonlari ishlab turibdi.

So‘nggi paytlarda ayollar bilan bog‘liq bir necha mudhish hodisalar ro‘y bermoqda. Bularning bari yurtimizda yechilishi lozim bo‘lgan qator muhim muammolar borligini namoyon qiladi. Nafaqat ayollar, umuman, inson sha’ni va qadr-qimmatini yuksaltirish uchun hali ko‘p ishlar qilinishi kerak.

MUAMMOLAR HAL BO‘LADI

2019 yil 2 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  zo‘ravonlikka uchragan ayollarga yordam tizimini yaratish, oilaviy-maishiy zo‘ravonlikning oldini olish va mudhish oqibatlariga barham berishga qaratilgan «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qaror ayollarga nima beradi? Endi ayollar bilan bog‘liq qanday o‘zgarishlar ro‘y berishiga umid qilish mumkin? Ayolning o‘z joniga qasd qilishga olib keladigan oilaviy va shaxslararo nizolarning, depressiv vaziyatlarning erta oldini olishga qaratilgan ishlar, ya’ni profilaktika chora-tadbirlari kuchaytiriladi: mahalla, xotin-qizlar qo‘mitasi, ichki ishlar tizimi hamkorligida «xavf guruhi» aniqlanadi, tushuntirish, ogohlantirish va zarur bo‘lsa, jazolash choralari qo‘llanadi.

Zo‘ravonlikka uchragan ayolga shoshilinch yordam ko‘rsatish va uni himoya qilish uchun Reabilitatsiya va Moslashuv markazlari ochildi: avval har viloyatda bittadan, keyin esa soni ko‘payib, tumanlarda ham tashkil etilmoqda.

Ayollar "krizis" damlarida (masalan, erning uyidan chiqib ketib, otaning uyiga sig‘may qolganida), shu markazlardan panoh topishlari mumkin. Ularga ma’lum muddatga boshpana, oziq-ovqat, mutaxassislar (shifokor, psixolog va h.k.) yordami beriladi, zarur bo‘lsa, Ichki ishlar xodimlari chaqiriladi.

Hozirgi kunda Namangan (To‘raqo‘rg‘on), Sirdaryo (Yangiyer), Surxondaryo, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda namunali rejimda shunday markazlar ochilgan. Ushbu markazlar haqida o‘sha hududlardagi ayollarga ma’lum qilingan (uyma-uy yurib ma’lumot tarqatilgan, bannerlar ilingan). Ayollar murojaat qilishyapti, boshpana topishyapti, muammolari hal bo‘lyapti.

Zo‘ravonlikka uchragan ayollar murojaat etishi uchun butun respublika bo‘ylab yagona ishonch telefoni ishga tushiriladi. Ayollar yagona, qisqa raqam orqali murojaat qilib, zo‘ravonlik ro‘y berayotgan daqiqalarda yoki chuqur ruhiy tushkunlikka, o‘z joniga qasd qilar darajada depressiyaga tushgan paytlarida pichoqqa yoki arqonga emas, telefonga yopishib, shu raqamga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.

Jamiyatda oilaviy-maishiy tusdagi zo‘rlik ishlatishning har qanday ko‘rinishiga nisbatan, birinchi navbatda, yaqin qarindoshlar tomonidan murosasiz munosabat muhitini shakllantirishga harakat qilinadi. Ya’ni fuqarolarni atrofdagi zo‘ravonliklarga befarq bo‘lmasliklari, mushtumzo‘r er, zulmkor qaynona yoki boshqa qarindoshlarga nisbatan toqatsiz bo‘lishlari targ‘ib qilinadi.

Oilaviy va shaxslararo munosabatlarda qonuniylikni ta’minlash uchun ham tizimli choralar amalga oshirilmoqda.

Birinchidan, oilaviy-maishiy zo‘ravonlik nima, degan savolga aniq ta’rif beriladi. Er-xotin munosabatlariga uchinchi shaxslarning aralashuvi, jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazish, kishini o‘z joniga qasd qilish darajasiga olib kelish kabi barcha xatti-harakatlar qonunda qamrab olinadi va ularga beriladigan jazolar belgilab qo‘yiladi.

Oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka jazo muqarrarligi ta’minlanadi: shu mazmunda vakolatli organlarga kelib tushgan har bir murojaatlar sinchiklab o‘rganiladi va aybdorlarga muqarrar jazo beriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi barcha muassasalar har bir zo‘rlik ishlatilgan holat haqida huquqni muhofaza qilish organlarini, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmalarini va «Oila» markazini zudlik bilan xabardor qilishi shart.

Endi ayol o‘zi va bolalarining joniga qasd qilmasligi, qiyin onlarda boshpana va madad topishi, aybdorlar esa jazolanishiga umid paydo bo‘lmoqda. Ayollar, qochsangiz o‘lim emas, hayot tomon qoching! Hamma narsaning chorasi bor, o‘limdan boshqa...
Zo‘ravonlikning har qanday turi inson huquqlariga qarshi jinoyatdir va bu holatni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya va BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etishga doir muntazam tadbirlar o‘tkazilmoqda. Unda ayollar zo‘ravonligiga qarshi kurashishga bag‘ishlangan chora-tadbirlar, loyihalar haqida ma’lumot berib kelmoqda

Madina Ibrohimova, «Adolat» SDP Toshkent shahar

Kengashi ijrochi kotibi