O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi huzuridagi “Ayollar qanoti” ning V hisobot konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda keyingi besh yil davomida olib borilgan ishlar muhokama qilindi.
Dastlab “Ayollar qanoti” raisi Ulbosin Seytjanova hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, shu kunga qadar partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tarkibida 73 ming nafarga yaqin a’zosi bo‘lib, shundan 39 ming nafari xotin-qizlardan iborat. “Ayollar qanoti” a’zolaridan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga 5 nafari, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlariga 26 nafari deputat etib saylangan. Shuningdek, a’zolar orasida 20 nafardan ziyod fan nomzodi, 6 nafar fan doktori va 100 nafardan ortig‘i esa turli tashkilot va ta’lim muassasalarining rahbarlari, 3 nafari Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori hisoblanadi.
Partiya faollari tomonidan "Ayollar daftari" va "Temir daftar"ga 173 nafar xotin-qizning kiritilishiga amaliy yordam berilgan. "Bir adolatchi - yuzta ayolga himoyachi" loyihasi doirasida uchrashuvlar, davra suhbatlari, seminarlar o‘tkazilib, unda jami 12 ming 788 nafar xotin-qiz qamrab olindi.
Partiyaning “Bir oyda bir ish o‘rni” loyihasi doirasida respublikaning barcha hududiy Kengashlari faollari va deputatlari yordamida 239 nafar ishsiz xotin-qizning ishga joylashishiga ko‘mak berildi. Bundan tashqari, “Ayollar qanoti” tomonidan turli ko‘rinishdagi “Ona va bola salomatligiga e’tibor, “Ayollarni asraylik”, “Yangi O‘zbekistonda gender tenglik masalalariga yangicha yondashuv” mavzularida tadbirlar, “Salomatlik yo‘lida birlashaylik” loyihasi doirasida tibbiy ko‘riklar o‘tkazilib, xotin-qizlar orasida aniqlangan muammolar bo‘yicha sessiyalarga 31ta masala kiritildi.
Partiya veb-saytida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalari, shuningdek, “Ayollar qanoti” tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borildi.
Konferensiya yakunida tegishli masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri