Olmaliq kon-metallurgiya kombinati sport majmuasida «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar o‘rtasida «Sport — nafislik va salomatlik manbai» shiori ostida «Gimnastrada» sport musobaqalari o‘tkazildi.
Mazkur musobaqaning ochilishida Toshkent viloyati hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ozoda Parpiboyeva, viloyat hokimi o‘rinbosari, turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Babajanov, Olmaliq shahar hokimi Qobil Hamdamovlar so‘zga chiqib barcha ishtirokchilarga omad tiladi. Barcha hududlarda bo‘lgani kabi Toshkent viloyatida ham xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sog‘lig‘ini saqlash, joylarda ayollar sportini rivojlantirish, mehnat va o‘qish sharoitlarini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

E’tiborlisi, sport bayramida 22 ta tuman-shaharlardan 200 nafardan ziyod ishtirokchilar Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i kubogi uchun bahslashdi.

Xotin-qizlar o‘rtasida sportni rivojlantirish, ularni sog‘lom turmush tarzi borasidagi ko‘nikmalarini yanada oshirish va mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan «Gimnastrada» sport musobaqasi Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yakunda barcha ishtirokchilar va g‘oliblar Toshkent viloyati hokimligi hamda Davlat soliq boshqarmasining kubogi, diplom va ramziy medallar bilan taqdirlandi.
A.Musayev,O‘zA