O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2025-2030 yillarda Bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini nazorat qilish dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Dasturni amalga oshirish doirasida:
tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida 30-65 yoshdagi ayollarning elektron bazasi (ro‘yxati) shakllantiriladi, ularni tibbiy ko‘rikka taklif qilish tizimi yaratiladi;
har yili 30-50 yoshdagi ayollarda bachadon bo‘yni saratoni skriningi odam papillomasi virusini polimeraza zanjirli reaksiya tekshiruvi usuli orqali aniqlash hamda suyuqlik sitologiyasi usulida tekshirish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda manfiy natija aniqlanganda ular 10 yildan so‘ng qayta tekshiruvdan o‘tkaziladi, musbat natija aniqlangan ayollar qo‘shimcha tekshiruvga yo‘naltiriladi;
saratonoldi holatlar aniqlangan ayollar ambulator davolash uchun Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy filiallariga yo‘naltiriladi;
30-65 yoshdagi ayollar har 2 yilda bir marotaba tibbiyot xodimlari tomonidan birlamchi saralashdan o‘tkaziladi. Bunda ko‘krak bezi tekshiruvi 45 yoshgacha bo‘lgan ayollarda ultratovush diagnostikasi usulida, 45-65 yoshdagi ayollarda mammografiya orqali amalga oshiriladi;
skrining natijasida onkologik kasallikka chalinganligi aniqlangan bemorlarni tashxislash va davolash bilan bog‘liq xarajatlar Davlat byudjeti mablatlari hisobidan moliyalashtiriladi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab:
a) tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalariga sog‘liqni saqlash tizimida maqbullashtiriladigan shtat birliklari hisobidan quyidagi shtat birliklari kiritiladi:
onkonazorat xonalari uchun akusher-ginekolog shifokor;
mobil va statsionar mammograflar ishini 2 ta smenada tashkil etish uchun rentgen-laborantlar;
b) Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Mammografiya tasvirini o‘qish markazi tashkil etiladi hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida amalga oshiriladigan ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha skrining natijalari ushbu markazning yagona riding tizimiga integratsiya qilinadi;
v) Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy- amaliy tibbiyot markazida odam papilloma virusi diagnostikasi uchun qo‘llanadigan test tizimlari sifatini nazorat qilish bo‘yicha референслabорaтория faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Saraton kasalligi nazorati sohasidagi loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etiladi.
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari Kengashning ishchi organi hisoblanadi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni skriningiga nodavlat tibbiyot tashkilotlarini jalb qilish choralari ko‘riladi hamda davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar xaridini Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab:
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ginekolog mutaxassislarni bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni skriningiga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi.
O‘zA