French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayollar muammolari o‘rganildi
12:40 / 2026-01-16

Poytaxtimizning Sergeli tumani hokimligida xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish va kichik biznesni rivojlantirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahar hokimligi Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda mahalla faollari, tadbirkorlik qilish istagidagi xotin-qizlar va soha vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova,  Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Shahnoza Sultonova xotin-qizlarning  mehnat bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik  faoliyatiga yaqindan ko‘maklashish jamiyat hamda oilalar farovonligini ta’minlashda muhim omil ekanini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish borasidagi dolzarb masalalar diqqat markazida bo‘ldi. Xususan, “Ayol by CAU” mikromoliya tashkiloti operatsion direktori Nargiza Xudayberdiyeva tomonidan xotin-qizlarni iqtisodiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, “Grameen bank” modeliga asoslangan yangi loyiha taqdimoti o‘tkazildi.  

Shuningdek, uchrashuvda “HAYAL-STYLE” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Hilola Usmonova o‘z muvaffaqiyati, ish tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.  

Tadbir yakunida savol-javoblar va qizg‘in munozaralar orqali ishtirokchilarga biznesni rivojlantirish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

***        

Poytaxtimizning   Mirzo Ulug‘bek tumanida bo‘lib o‘tgan muloqot davomida oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimidagi dolzarb masalalar batafsil o‘rganildi.  

Muloqot davomida mahallalarda o‘tgan 2025 yilda olib borilgan ishlar, oilalarda yuzaga kelayotgan muammolar, ajrimlar, oilaviy zo‘ravonlik, ota-onalik mas’uliyati, ayollar va bolalar taqdiri bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, faollar, mutasaddilar va mas’ul idoralar vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Muloqotlar chog‘ida oilaviy muammolarning mohiyati va shakli o‘zgargani, bugungi kunda faqat ehtiyojmand yoki “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar bilan emas, balki barcha ayollar, xususan, jamiyatda faol bo‘lgan, biroq ruhiy yoki ijtimoiy muammolarga duch kelayotgan ayollar bilan ham tizimli ishlash zarurligi ta’kidlandi.

Mediatsiya instituti faoliyatiga alohida e’tibor qaratilib, mahallalarda mediatorlar bilan ishlash, nizolarni sudgacha hal etish, ajrimlarning oldini olishda mediatsiya imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, ichkilikbozlik, giyohvandlik, zo‘ravonlik holatlari mavjud oilalar bilan manzilli va kompleks yondashuv asosida ishlash, tibbiyot, ichki ishlar, ta’lim va mahalla tizimi o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, xotin-qizlar faolining kasbiy mahoratini oshirish hamda inson omilini kamaytirish, yuqori samaradorlikka erishish maqsadida sohaga sun’iy intellekt imkoniyatlaridan unumli foydalanish bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida o‘quv-mashg‘ulot tashkil etildi.

Yig‘ilish yakunida mas’ullarga quyidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.  

Har bir ajrim holati bo‘yicha sabab va ildizlar, bundan ko‘ngilsiz holatlarning omillarini chuqur o‘rganish, ajrimdan keyingi bolalar taqdirini nazoratga olish, mahallalarda oila va xotin-qizlar bilan ishlashda mediatsiya mexanizmlarini keng joriy etish masalalari xususida batafsil fikr yuritildi.  

Mediatorlar salohiyatini oshirish,  oilaviy zo‘ravonlik, erta homiladorlik, giyohvandlik va boshqa salbiy holatlarning oldini olish, mediatorlar  salohiyatini oshirish bo‘yicha mavjud holatlarni tahlil  hamda aniq choralar ko‘rish, oilalar daromadini oshirish orqali farovonligiga erishishga oid vazifalar belgilandi.

Belgilangan vazifalar ijrosi qat’iy nazoratga olinishi, har bir holatga befarq bo‘lmasdan, inson taqdiri nuqtayi nazaridan yondashish zarurligi alohida ta’kidlandi.      

N.Usmonova,  

O‘zA